Tanganing
vazirlik rasmiylari ko'rsatishni istamayotgan ikkinchi tomoni:
Attestatsiya nadir?!
Bugun biroz oʻzimga keldim. Yigʻlab-yigʻlab xumoridan chiqdim. Uch oylik qiyinchiliklarning ham zahrini chiqardim. Qaynonamning koʻzlarini "loʻq" qilib, "oʻqigan kelin ..." deganlari, erimning "shu ustozingning ovozi jonimga tegdi,oʻchir telefonni" deb zarda qilishlariga chidab uch oy attestatsiyaga tayyorlandim. Qaysi telegram kanaliga qaramay "ehtimoliy test, tushadigan test, bizda oson, bizda arzon" degan reklamalar. Telegramim yuzlab bunaqa kanallarga toʻlib ketdi. Dunyoda ona tili adabiyot deganlarida maʼlumot ham koʻp ekan, savol ham koʻp ekan. Buni oʻrgansang, bunisi chiqadi, buni oʻrgansang bunisi.
Bitta qoʻshimchaning 10 xil nomi bor. Nomini yodlasang, sinonimi, sinonimining antonimi, antonimining paronimining omonimi. Eh-heee...
Xullas, buni ham epladim.
Maktab?! Maktabni soʻramang. Kun boʻyi dars oʻtasan, darsdan keyin BSB ,ChSB... Falonchining onasining telefonini koʻtarmasang onasi janjal qiladi. Falonchaning sochidan yigiti tortgan, boshqasi uyiga bormagan. Bunga ham chidadim.
Imtihondan bir kun oldin hamma kitobni oʻqib boʻlib tasbeh oʻgirishga tushdim. "Astagʻfirulloh"...
"Imtihon biz uchun bayram" ,deganday attestatsiya kuni ertalab qaynonani tinchit, bolani maktabga, erni ishga joʻnat, tushlikka ovqat qil qilib choyni chala ichib yoʻlga chiqdim. Yoʻl boʻyi tasbeh oʻgirdim. Axir attestatsiyadan 86 ball olsam, 70 foiz ustama. Yomon pul emas. Harna roʻzgʻorga madad. Prezidentimizdan aylanay. Oʻqituvchiga eʼtibor boʻlsa,shunchalik boʻlar-da. Shu joyiga kelganida, tasbehni qattiqroq oʻgirib "astagʻfirulloh" duoga ham aylandi. "Umringiz uzoq boʻlsin".
Attestatsiyaga kirdim. Gerdayib komputerga oʻtirdim. (Eng kuchli ustozda oʻqiganman axir). Testni ochdim. Peshonamni sovuq ter bosdi. Paygʻambarimiz "xor boʻlsin, xor boʻlsin, xor boʻlsin ", deb uch marotaba aytdilar. Sahobalar kimni aytyapsiz deganlarida, "ota-onasining xizmatini qilmaganlar", deb javob berdilar. Ishoning, shakkoklik emas, paygʻambarimiz tirik boʻlganlarida "oʻqituvchiga qiyin test tuzganlar xor boʻlsin" ,deb ming marta aytgan boʻlar edilar.
20 minut ekranga qarab turdim. Zal oʻrtasida turgan suvdan olsam maylimi dedim kuzatuvchiga. Suv olishga ketgan vaqt ham hisoblanar ekan. Suvni olib bir qultum ichdim. Xayolimdan qilgan gunohlarim, savoblarim ,xatolarim oʻtdi. Xudoga nola qildim. Ey Xudo, ozgina bandam degan joying boʻlsa, oʻzing qoʻlla. Bu yogʻi "chimchuq childiriq"...
"Chin" soʻzining kabutar ekanini shu yerda bildim. Kitobning qaysiki burchagida maʼlumot bor, shu yerda bor. Bu kalla oʻlgur qaysini eslab qolsin.
Eganing kesimi, kesimning egasi. E savil bir gapda 9 ta sintaktik shakl yasovchi. Odil Yoqubovning otasi olib bera olmagan muzqaymogʻi, Anbar otinning zamondan kuygani-yu, "Choliqushi"ning maktabi ham qolmagan. Eng hayron qoldirgani Navoiy tirilib kelsa, oʻzi ham eslolmaydigan "Farhod va Shirin"mi, "Saddi Iskandariy" mi farqlab boʻlmaydigan ming misrali dostonning ikki misrasini olib, qaysi dostondan degani yetmaganday, testologning oʻzi ham maʼnosini lugʻatdan zoʻrgʻa topgan soʻzining maʼnosini topish azob boʻldi.
Pastga oʻtsangiz pedagogika. Shu joyiga kelganida ekranda qoʻlini bir xeyli shaklga keltirib "mana olasan 70 foiz ustama" deb turgan vaziramiz Hilola opamgilarning jamolini koʻrganday boʻldim.
Ikki koʻzimni chirt yumib testni yakunlashni bosdim.
"Mana sanga 70 foizli ustama".
Lekin yelkamdan togʻ agʻdarilganday boʻldi. Attestatsiyaga qarz olib toʻlagan pulim, kurslarga toʻlagan pullarim, asablarim, tushlarimda yiqilib tushganlarimni oʻylab qiynalganlarim hammasi tugadi.
Xayolimda uyga borib qotib uxlasam...
Lekin uyga kelib erimning nima boʻldi degan gapidan keyin oʻkirib yigʻlab xumorimdan chiqdim.
Xullas, endi jaydari qilib aytganda "toʻlagan pulim teshib chiqsin" deb oʻtiribman.
(Oxiri quyida)