#Hurmatli rasmiy vakillar, mutasaddi tashkilotlar e’tiboriga!
Biz, Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasida kechayotgan attestatsiya jarayonlarining holati va natijalari borasida chuqur xavotirdamiz.
So‘nggi e’lon qilingan natijalar, afsuski, minglab tajribali, fidoyi ustozlarning bilimini emas, balki test tizimining o‘ta noaniqligi, metodik jihatdan chalkashligi va adolatsiz baholash mezonlarini ko‘rsatmoqda. Respublikamiz bo‘yicha millionlab ustozlar ichidan atigi 2 ming nafari attestatsiyadan o‘tgan bo‘lsa, bu holat shunchaki individual tayyorgarlik darajasini emas, balki tizimda mavjud muammolarni ochiq-oydin ko‘rsatadi.
Savollar o‘ta tor doirada, ko‘pincha bahsli va maxsus mutaxassislik yondashuvisiz tuzilgan. Ustozlarimiz bunday testlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z shaxsiy vaqtini, mablag‘ini, asabini, ba’zida sog‘lig‘ini ham tikdi. Ammo shuncha mehnat evaziga na adolatli baho, na tushunarli tahlil olindi.
Agar ko‘pchilik ustozlar savollarni “bilganimga ishongandim”, “to‘g‘ri yechdim deb o‘ylagandim” deyishayotgan bo‘lsa, demak, testlarning yondashuvi va tuzilishida jiddiy muammolar bor. Axir bu ustozlar yillar davomida yuzlab o‘quvchilarni tayyorlab kelgan, o‘z fanining peshqadam vakillari sanaladi. Ularning bir ovozdan hayronligi — tizimga bildirayotgan norozilikdir.
Shunday holatda savol tug‘iladi: biz ustozlar bunchalik savodsiz bo‘lib qoldikmi? Yoki testlar va ularni tuzish mexanizmlarida shaffoflik yo‘qmi?
Hurmatli rasmiylar! Sizlardan quyidagilarni so‘raymiz:
1. Test savollari tuzilmasi va baholash mezonlari ochiq, tushunarli shaklda e’lon qilinsin.
2. Test savollarining tahlili o‘qituvchilarga yetkazilsin.
3. Javoblar asosidagi shaffof apellyatsiya tizimi yaratilishi ta’minlansin.
4. Baholashda ustozlarning kasbiy obro‘siga, tajribasiga, ruhiyatiga putur yetkazilmasin.
Ustozlar sinovdan qo‘rqmaydi. Ammo bu sinov adolatli bo‘lishi shart!
Бизнинг саҳифаларга обуна бўлинг:
Telegram |
Youtube |
Facebook