Furqat Alimardon “Qorakuya”
Furqat Alimardonning “Qorakuya” qissasida muallif bugungi jamiyatdagi ba’zi bir illatlarni tanqidiy nigoh bilan badiiy aks ettirishga urinadi. Nafs, xiyonat, manfaatparastlik, laganbardorlik, johillik kabi insoniyatni ma’naviy botqoqqa botiruvchi xususiyatlar asar qahramonlar xarakterida jonli tarzda ochib berilgan.
Asarning bosh qahramoni sifatida tasvirlangan Shavqiddin Amirovich esa murakkab xarakterli shaxs bo‘lib, qissa davomida uning turli hislatlarini kashf etish mumkin. Ijodkorlik, kitobxonlik, notiqlik, kirishuvchanlik uning xarakteridagi ijobiy belgilarni ifodalasa, manfaatparastlik, xoinlik kabilar esa uning bilim va tajribalarini tuban maqsadlarga yo‘naltirgan shaxs sifatida ko‘rsatadi.
Qissaning ekspozitsiya qismida maktab tadbiri tasviri keltirilgan bo‘lib, erta bahorning sovuq kunlarida “katta” amaldorlarning tashrifi kutilayotganligi anglashiladi: “Bir tomonda osh damlanyapti, bir tomonda sumalak qaynayapti. Binoga kirish eshigi yonida olti-yetti nafar o‘quvchi qiz turibdi. Havoning sovuqligiga qaramay atlas ko‘ylak kiyib olgan qizlar dir-dir titrashadi. Atrofdagilar esa o‘qituvchilar, mahalla faollari – kurtka-yu paltolarining tugmalarini oxirigacha qadab olib, nimalarnidir muhokama qilishyapti” Buning natijasida esa amaldorlar so‘zga chiqqan vaqtda qizlarning ketma-ket yo‘tal ovozlaridan notiqlarning nutqlari davradagilarga eshitilmaydi.
Bundan tashqari, tadbirda ishtirok etayotgan obrazlar ismi bilan emas, balki “direktor”, “paltoli”, “kurtkali”, “shoir” kabi nomlar bilan keltiriladiki, go‘yoki ularga ism qo‘yish ham hayf. Ulardagi tilyog‘lamalik, ikkiyuzlamachilik xususiyatlari portret va dialoglar orqali yuzaga chiqadi. Ularning orasida Shavqiddin Amirovichning haydovchisi Mavlonboy obrazigina ajralib turadi va uning fikricha, “kattakon”larga yoqishga harakat qilganlar podshohlarga yoqish uchun jonini beradigan haramdagi kanizaklarga o‘xshaydi. Albatta, bugungi kunda tez-tez uchrab turadigan ushbu holatlarning badiiy asarda keltirilishi yozuvchining sinchi ekanligini anglatadi.
Yana bir dialogda ham muallif kinoya usulidan foydalanadi. Yoniga arz bilan kelgan insonga bu ishga mas’ul emasligini aytgan Shavqiddin Amirovichga:
“ – O‘zi siz nimalarga mas’ulsiz, inim? – qiziqsinib so‘radi u.
– Menmi, men adabiyotga, ta’limga, ma’naviyatga, madaniyatga mas’ullardanman, aka…
– Haa, bizga keraksiz nasalarga mas’ul ekansiz-da unda inim, – xulosa yasadi mehmon.
– To‘g‘ri, o‘zi ko‘pchilikka keraksiz bo‘lib qoldi bular…”
Ushbu dialog orqali bugungi ko‘plab insonlarning ma’naviy qiyofasi achinarli tarzda fosh etiladi. Asar sarlavhasi ham shu yo‘sinda qo‘yilganki, majoziylik kasb etadi. Muallif unga personaj tilidan shunday ta’rif beradi: “Bu siyosat deganlari xuddi qorakuyaga o‘xshaydi. Yaqinlashdingmi, albatta, qorasi yuqmay qo‘ymaydi. Qanchalik ezgu niyat bilan kirgan bo‘lsang ham foydasiz, ado qiladi, ado…”
Babayeva Sevara Baxtiyor qizi
GulDU katta oʻqituvchisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Nasr kengashining 2024-yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yillik hisobot yig‘ilishidagi ma’ruzasidan
https://t.me/Akademnashr/4018