Soddalik, ezgulik va haqiqat boʻlmagan joyda ulugʻlik ham yoʻqdir.
Lev Tolstoy – "Urush va tinchlik" (3-4-qism)
Tolstoy "Urush va tinchlik" roman-epopeyasida Fransiya–Rossiya urushi voqealari tarixini mukammal yoritgan. Bu asarda besh yuzdan ortiq badiiy qahramonlar ishtirok etgan boʻlib, ularning ichida tarixiy shaxslar, prototip qahramonlar bilan birga toʻqima obrazlar ham mavjud. Asar bosh qahramoni butun rus xalqidir.
1812-yilda fransuz armiyasining halokatiga sabab ularning qishki urushga hozirlik koʻrmasdan, bemahal urush boshlagani boʻlsa, yana bir sabab rus shaharlariga o't qoʻyilishi, qishloqlarning talanishi ruslarda dushmanga boʻlgan nafratni kuchaytirib yuborgandi. Borodino jangidan soʻng rus armiyasi Moskva halokatini yaqinlashtirgan boʻlsa, fransuzlar oʻz armiyasini muqarrar halokat tomon boshladi. Ona tuprogʻi uchun jang qilar ekan, ruslarning ruhi chindan baland edi. Urushning dastlabki kunlari doimgidek askarlar orasida hayajon va quvnoqlik kayfiyati hukm surgandi. Vatan xavf ostida, dushman jonajon yurtni g'orat qilish uchun kelmoqda, rus xalqi esa oʻz dini, toj-u taxti, vatan mudofaasi yoʻlida jon fido qilishga ham tayyor. Bir tan-u bir jon boʻlish degani shundoq boʻladi-da!
Ruslar orasida urushdan oʻzlari uchun foyda chiqarishni va kayf-u safo surishni istagan kishilar ham juda koʻpchilikni tashkil etgan. Biroq oʻz vazifasini sidqidildan, unsizgina bajaradigan – goʻyoki mashinaning eng muhim qismi hisoblangan shaxslar ham bor edi. Ana oʻsha kishilarning saʼy-harakatlari tufayli vatan ozodligi saqlab qolindi desak toʻgʻri boʻlar.
Napoleon oʻzining qismati boʻlgan shafqatsiz, koʻngilsiz, qaygʻuli, gʻayriinsoniy rolni bajarardi. U qoʻlidagi hokimiyat bilan bashariyatni baxtli qilmoqchi edi. Ammo buning aksi oʻlaroq shuhrat va buyuklik haqidagi bemaʼni ideali sabab qanchadan qancha odamlar bevaqt oʻlim topdi, baxtsiz boʻldi.
Urushlar doim odamlarning baxtsizligiga sabab boʻlgan. Hayot barq urib turgan navqiron yigitlar jangda jon taslim qilib tursa, baxt haqida oʻylashning oʻzi qiyin. Odam bolasi aslida bir-biriga birodar boʻlishi kerak emasmi? Oʻzganing shirin hayotidan mahrum etish qaysi aqlga toʻgʻri keladi? Bir-birlarini oʻldirishga majbur etadigan insoniy shafqatsizlikni nima deb oqlash mumkin? Jang manzarasini tasvirlar ekan, Tolstoy shunday yozadi: "Qora bulut yigʻilib, oʻliklar, yaradorlar, o'takasi yorilgan, holsizlanib qolgan va ikkilanib turgan odamlar ustiga yomgʻir tomchilay boshladi. Yomgʻir goʻyo:"Hoy odamlar, bas, bas endi. Boʻldi... Koʻzlaringni ochinglar. Nima qilyapsizlar" der edi".
Asarda jamiyat hayoti, sevgi, oila, farzand tarbiyasi kabilar ham alohida oʻrin olgan. Yozuvchi inson hayotida muhabbat nechogʻlik oʻrin tutishini qahramonlarning taqdirida koʻrsatib oʻtadi. Kimnidir sevib qolgan qahramonimiz sevgani yonida gul-gul ochilib ketadi(hatto juda xunuk boʻlsa ham), qalbida hayot zavqi oshib-toshadi.
Tolstoyning tasvir usuli zoʻr ekanligiga yana bir bor tan berdim. Voqelik haqqoniy tarzda aks ettirilgan. Tasvirlangan voqealarga ham, unda ishtirok etayotgan qahramonlarga ham muallifning munosabati yaqqol koʻzga tashlangan. Yozuvchi falsafiy qarashlarini teran mushohada asosida bayon etgan. "Urush va tinchlik" – gʻoyaviy-badiiy jihatdan yuksak asar. Qahramonlarning ruhiy holatlari, iztiroblari barcha davr kishilariga birdek taʼsir oʻtkazadi. Xullas, ming marta eshitgandan koʻra, bir marta oʻqigan afzal. Albatta, oʻqib koʻring.
@biroz_adabiyot