Hayek nazdida narx nima edi?
Iqtisodchi olim Fridrix August Fon Hayek o‘zining
"The Use of Knowledge in Society" nomli maqolasida mamlakat iqtisodiyotini markaziy rejalashtirish orqali boshqarishda qanday muammo borligi haqida tushuntuntiradi. Bu muammo har bir inson alohida individ emas balki umumiy jamiyatning bir bo‘lagi deb qarashdan va insonlar yetarlicha ratsional deb hisoblashdan kelib chiqadi. Aslida esa unday emas, har bir inson alohida individ, ularning muammolari va ehtiyojlari turlicha va albatta hech kim yetarlicha ratsional emas.
Hayekning fikrini to‘g‘ri tushunish uchun avvalo quyidagi savolni berishimiz kerak:
“Bir inson yoki tashkilot qanday qilib millionlab odamlar ishtirokidagi murakkab iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtira oladi?”
Bu savolga ba'zi iqtisodchilar — ayniqsa matematik modellar bilan ishlaydiganlar, “Agar barcha kerakli ma'lumotlar bitta markaziy idorada (yoki aqlli insonda) bo‘lsa, bu markaz resurslarni qanday taqsimlashni aniq hisoblab chiqadi" deb javob berishga urinadilar.
Hayek esa bu yondashuvni noto‘g‘ri deb hisoblaydi. U real hayotda hech kimda barcha ma'lumotlar bo‘lmasligini aytadi. Buning sababi oddiy, har bir odam faqat o‘z atrofidagi sharoitni, o‘z imkoniyatini, o‘z muammosini boshqalarga nisbatan yaxshiroq biladi. Shu nuqtai nazardan, real vaqt rejimiga tegishli sharoit haqidagi bilimlar jamiyat bo‘ylab keng tarqalgan va hech kim ularning barchasini tez/to‘liq egallay olmaydi.
Misol uchun, tasavvur qiling, dunyoda qahva tanqisligi yuzaga keldi. Bu haqida hech bir markaziy rejalashtiruvchi organ darhol xabardor bo‘la olmaydi. Ammo bozor mexanizmi orqali bu o‘zgarish tezda aks etadi: qahva narxi ko‘tariladi! Bu narx o‘zgarishi, ya’ni signal dehqonlarga, sotuvchilarga va iste’molchilarga yetib boradi. Ular nima uchun qahva tanqis bo‘lib qolgani sababini bilishi shart emas, narx ularga barcha ma'lumotlarni jamlab yetkazadi.
Bu sharoitda dehqon: “Qahva qimmatlashibdi, demak uni ekish foydali bo‘lyapti”, — deb ko‘proq qahva ekadi.
Sotuvchi: “Narx oshibdi, qayerdandir qahva topib bozorga olib kirish kerak”, — deydi.
Iste’molchi esa: “Narxi oshibdi, kamroq ichay”, — deb iste’molni kamaytiradi.
Hech kimga “qahva ortilgan kemalar cho‘kib ketganligi uchun hozir shunday qil” deb buyurilmagan. Har kim faqat narx orqali kelgan signalga qarab, o‘zicha qaror qabul qiladi. Natijada jamiyatda insonlarning hatti harakatlari o‘zaro muvofiqlashadi.
Hayekning fikricha, narx — bu “ma'lumot tashuvchi instrument”dir. Ular butun jamiyat bo‘ylab tarqalgan tarqoq ma'lumotlarni muvofiqlashtirishga yordam beradi. Bu hech qanday markaziy boshqaruvsiz, sun'iy aralashuvsiz, tabiiy ravishda amalga oshadi. Agar davlat turli subsidiya yoki imtiyozlar bilan narx shakllanishiga sun'iy ta'sir ko'rsatsa resurslarni optimal taqsimlashga yordam beruvchi narx buzilgan shaklda ko‘rinadi. Natijada ortiqcha iste'mol yoki taqchillik kabi salbiy oqibatlar yuzaga keladi.
@economist_martin