Travmalar soyasidan o'zingni qayta topishgacha yo'l
"Travmalarimdan qutulishim mumkinmi?"
Ko'pincha og'ir psixologik jarohati bor mijozlar konsultatsiya belgilashdan oldin shu savolni psixologga berishadi.
Xuddi psixolog sehrli dori bersa-yu, uni ichib, umr mobaynida olgan ruhiy jarohatlariga bittada da'vo topsalar.
Afsuski buni iloji yo'q.
Shunday paytlarda mijozlarga balandparvoz va'da berishdan cheklanib, uzoq muddatli konsultatsiya travmalari bilan (kelishib!) yashashni o'rgatishi mumkinligini aytaman.
Psixologik travma o'zi nima? Odam qachon travma oladi?
Z.Freyd psixologik travma haqida shunday fikr bildiradi:
Psixologik travma psixika uchun haddan tashqari og‘ir bo‘lgan tajriba bo‘lib, uni anglash yoki qayta ishlash qiyin bo‘lganligi sababli u ko'pincha bostiraladi. Yana ham aniqroq aytsak, inson qachon psixologik travma oladi?
Qachonki psixika kuchli emotsiya to'lqinida ojiz qolganida.
Travma paytida emotsiyalar o'ta shiddatli bo'ladi psixika ularni anglash, qayta ishlashga ojizlik qiladi.
Bir nafasda yuzaga kelgan vahimali voqea natijasida hosil bo'lgan qattiq qo'rquv, yoki surunkali ravishda uyat hisini tuyishga majbur qilingan dialoglar, to'satdan yuz bergan yo'qotish va bu davrda ijtimoiy qo'llab-quvvatlovning bo'lmaganidan psixikaning og'ir qayg'u emotsiyasi oldida ojiz qolishi kabi holatlar psixologik travmaga sabab bo'lishi mumkin.
Qisqa qilib aytganda travmalar paytida inson qaydanydir shiddatli emotsiyalar (qo'rquv/ qayg'u/uyat/xavotir/jahl/ v.h) oldida kuchsiz qoladi.
Travmalar bo'yicha uzoq yil ilmiy tadqiqot ishi olib borgan olim Gabor Mate travmani shunchaki biz bilan sodir bo‘lgan voqea sifatida emas, balki u voqeaga javoban ichimizda yuzaga kelgan ichki jarohat sifatida tushuntiradi. Uning fikricha:
“Travma – bu biz bilan sodir bo‘lgan narsa emas, balki sodir bo‘lgan narsaga javoban bizning ichimizda yuzaga kelgan narsa.”
Ya'ni travma nafaqat og‘riqli voqea (jismoniy yoki hissiy jarohat) balki, shu voqea natijasida bizning ruhiyatimiz qanaqa o‘zgarishi, qanday xarakter xususiyatlarini o'zimizda identifikatsiyalashimiz, qaysi himoya mexanizmlaridan foydalanish ko'nikmasini shakllantirishimizdir.
Konsultatsiya jarayonida psixolog psixologik jarohatlari bor mijozlarning hikoyalarini avval tinglaydi. Ko'pincha ruhiy jarohatlar bir umr yurakka ko'milgan mulohazalar/alamlar/hissiyotlar bo'ladi. Ularni hikoya qilib berish bilan mijoz tinglanish, tushunilish ehtiyojini qondiradi. Psixolog o'sha vaziyatda sizga qanday yordam berishlari/qo'llab-quvvatlashlarini istardingiz deb savol berganda, mijozlar javob berishga qiynalishadi. Keyin esa patsientlar savolga javob berish chog'ida holatni to'liq manzarasini qaytadan gavdalantirish/fikrlarini tartibga solishga, hissiy muvozanatlarini tiklashlari osonlashadi.
Psixologik travmasi bor patsientga yordam ko'rsatishning keyingi bosqichi ruhiy jarohatlar uning hozirgi shaxsiyati/yashash tarzi/tanlovlariga salbiy ta'sirini olib tashlash uni hayotiy tajriba sifatida integratsiyalashdan iboratdir. Maqsadga erishish uchun psixolog va mijoz ba'zan o'nqir-cho'nqir, ba'zan umuman notanish yo'llarni bosib o'tadi.
Psixologik travmalardan davolanish:
- o'zini qaytadan kashf etish;
-og'ir vaziyatlarda o'zini yaxshiroq qo'llab-quvvatlashni boshlash;
- travmalar shakllantirgan salbiy xulq-atvorni o'zgartirish;
-o'zini boricha qabul qilib yana o'ziga ishonishni boshlash;
-Ichki bolakayiga o'zi ota-onalik qilishni boshlash.
Psixologik travmalardan davolanish miyaning o'ng yarimdagi faollikni bostirib, prefrontal korteksning ajoyib funksiyasidan foydalanib, bo'lib o'tgan voqea-hodisalardan ma'no topib, yangi xulosalar qila qolish. Boshqacha aytganda, taqdirga imon keltirib, har bir ishning hikmatini ko'ra olish demakdir.
Siz o'zingizda o'tmishdagi travmalaringiz ta'sirida qanday himoya mexanizmlarini shakllantirganman deb o'ylaysiz?
@farzandruhiyati