TAAJJUB
Lirika Loyihasi doirasida oʻtkazilayotgan She’riy Konsertga hozircha 30 taga yaqin bilet sotildi. Bu juda oz, passiv natija. Toʻgʻri, bunga Aziz Saidning fargʻonaliklar orasida uncha mashhur emasligi bahonadir, lekin bu sabab boʻlolmaydi. Sizni ishontirib aytamanki, oʻrtamiyona, hashaki shoir jalb etmaganmiz. Tanimasangiz ham kiring, koʻring, tanishing. Koʻrmagan filmingizni rohatlanib koʻrishingiz mumkin-ku, axir?!
Tushunib turibman, ilk marta oʻtkazilyapti. Lekin talab bu qadar oz boʻlmasligi kerak. 1-2 qatorda joy deyarli qolmadi. Asosan ziyolilar, universitet filologlari band qilishdi. Bundan xursandman.
Yana bir masala bor, koʻpchilikdan “bilet sovgʻa qiling”, “ozgina tushib beringlar”, “tekin boʻlsa kirardim”, “adabiyotni pullik qilib nima qilardinglar”, mandanam pul olasanmi”, degan vala-vala gaplarni eshitdim. Bu juda yomon. Hatto dadam ham bilet sotib oldilar, qoʻyavering, demadim.
Yeydigan ovqatingiz, kiyadigan kiyimingiz, chaqiradigan taksingiz, qoʻpol qilib aytaman: siz uchun paytida juda kerak boʻladigan hojatxona qogʻozi ham pullik boʻlgan bu mamlakatda nega adabiyot, sof san’at, ma’naviy ozuqa, estetik zavq beradigan narsalar tekin boʻlishi kerak?! Koʻzimizga surtib, ulugʻ sanaydiganimiz nonni ham birov tekinga bermaydi koʻchada. Sotadi.
Adabiyotga befarq boʻlmagan kishilar, adabiyot muallimlari umuman oʻzini ziyoli hisoblagan odam borki, qiziqishi kerak bunga. Atrofidagilarini tortishi kerak. Aksariyat odamlar maoshining 100 dan yoki 50 dan bir qismi xolos 75 ming soʻm.
Qachonlardir 100 kishilik zoʻr audiotoriya shakllantirib olishimizga ishonaman. Hozircha shunday ishlaymiz.
Bilet sotib olmoqchi boʻlganlar, havola izohda. Shoshiling, joylar soni cheklangan! Ishoning, yaxshi konsert boʻladi!