🔬 Qon-aylanish tizimi kasaliklari - salomatlik uchun asosiy xavf
Statistika agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, qon aylanish tizimi kasalliklaridir O‘zbekistonda eng ko‘p o‘limga
sabab bo‘lmoqda.Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-dekabr oylari davomida mamlakatda 174,4 ming kishi vafot etgan. Ulardan 96 mingi erkaklar, 78,4 mingi esa ayollardir. Vafot etganlar soni shahar joylarda 98,2 ming kishini, qishloq joylarida 76,2 ming kishini tashkil etgan.
O‘zbekistonliklarning o‘limiga eng ko‘p sabab bo‘lgan holatlar quyida qayd etilgan:
🔹 Qon aylanish tizimi kasalliklari – o‘rtacha 57,6%;
🔹 Yangi o‘smalar (shishlar) – 9,4%;
🔹 Nafas olish organlari kasalliklari – 6,3%;
🔹 Baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlar – 5,8%;
🔹 Hazm qilish organlari kasalliklari – 4,1%;
🔹 Infeksion va parazitar kasalliklar – 1,1%;
🔹 Boshqa kasalliklar – 15,7%.
Shuningdek, 2023-yil bilan solishtirganda o‘lim ko‘rsatkichi 1,6 ming kishiga ko‘paygan.
❔ Nega qon aylanish tizimi kasalliklari darajasi yuqori?
Global ma’lumotlar va mintaqaviy kuzatishlarga asoslangan holda, O‘zbekiston yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha o‘lim darajasining eng yuqori ko‘rsatkichlariga ega mamlakatlardan biridir. Masalan, Yevropa sog‘liqni saqlash monitoringi ma’lumotlari ham O‘zbekistonda noinfeksion kasalliklar, ayniqsa yurak kasalliklarining yuqori darajada ekanligini
tasdiqlaydi.Qon aylanish kasalliklarining aksariyati hayot tarzi, genetik omillar, yomon odatlar va turli risk omillariga bog‘liq bo‘lib, ularning oldini olish uchun sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faoliyat va yomon odatlardan voz kechish tavsiya etiladi.
Aynan O’zbekistonda kardiologiya markazlarining yetishmasligi, aholida sog’lom turmush tarzi haqida bilimlarning yetarlicha shakllanmagani , kamharakatlilik ushbu kasallikning tobora avj olishiga sabab bo’lmoqda.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda insult va infarkt kabi yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish sezilarli darajada “yosharmoqda”.
“Avvallari qon-tomir kasalliklari 50-60 yoshdan keyin uchragan bo‘lsa, bugungi kunda kasallik 18, hatto 16 yoshlilarda uchrab, o‘lim holatlari ham qayd etilmoqda. Gipertoniya kasalligi, semizlik, chekish, surunkali stress, kamharakatlilik hamda ovqatlanish rejimining buzilishi qon-tomir kasalliklarini keltirib chiqaradi”, – deydi shifokor Abdug‘affor Azimov.
Shifokorning qo‘shimcha qilishicha, qon-tomir kasalliklari asosan shahar aholisi orasida ko‘proq uchraydi. Sababi shahar aholisi ovqatlangach televizor qarshisiga o‘tiradi yokida telefon o‘ynashga tushadi. Umuman olganda, texnologiya insonlarni passiv hayot tarziga undab, kamharakatlikka olib kelmoqda, bu esa yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishiga
sabab bo‘lmoqda.⏺ JSST ma’lumotlariga qaraganda, Yevropada yurak qon-tomir kasalliklari oʻlimning 40% ni tashkil qiladi. Bu kuniga 10 000, yiliga 400000 oʻlim degani.
“Tuz iste'molini 25 foizga qisqartirish boʻyicha maqsadli siyosatni amalga oshirish 2030-yilgacha yurak qon-tomir kasalliklaridan 900 000 ga yaqin inson hayotini saqlab qolishi mumkin”, – deydi Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa bo‘limi direktori Xans Klyuge.
“Tuzni koʻp iste'mol qilish qon bosimini oshiradi, bu yurak xuruji va insult kabi yurak-qon tomir kasalliklari uchun asosiy xavfdir”, - deya ogohlantiradi mutaxassislar.
Ma’lumot uchun, yurak qon-tomir kasalliklariga arterial gipertoniya, yurak ishemiyasi, kardiyomiyopatiya, yuqumli endokardit, miokardit, aorta anevrizmasi, o‘pka gipertoniyasi hamda venoz tromboembolik asoratlar kiradi.
Facebook |
Instagram | @vatandosh_tv |
Youtube