2001 yil 11 sentyabrda AQShda sodir bo‘lgan dahshatli teraktdan bir yil o‘tgach, Amerika gazetalaridan birida quyidagi qisqa eslatmalar chop etildi. Uni diqqat bilan o‘qing va agar siz arzimas narsalardan tez-tez asabiylashadigan odam bo‘lsangiz, ularni bir necha marta o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lardik.
ESLATMALAR:
“Yirik kompaniyalardan birining rahbari 11 sentyabrdagi hujumlardan omon qolganini bilsangiz kerak, chunki u o‘sha kuni o‘g‘lini birinchi marta bog‘chaga olib borgandi.
Boshqa bir yigit esa bo‘g‘irsoq olish uchun navbatda qolib ketgani uchun omon qoldi.
Bir ayol esa soat uyg‘otgichi kechikib jiringlagani uchun uxlab qoldi va ishiga kechikdi. U ham tirik qoldi.
Kimdir esa Nyu-Jersidagi tirbandlikda qolib ketdi.
Yana birov avtobusga kech qoldi.
Bir ayol kiyimiga kofe to‘kib yuborgani uchun, kiyimini almashtirishga ko‘p vaqt sarflab yubordi. U ham omonda.
Kimningdir mashinasi o‘t olmagani, yana kimdir qo‘ng‘iroqqa javob berish uchun iziga qaytgani tufayli hamon tirik.
Qaysidir bir tirik jon taksi tutolmay qoldi.
O‘sha kuni ertalab yangi poyabzal kiyib, turli yo‘llar bilan ishga kelgan, lekin u yerga yetib borishdan oldin oyog‘ida qabariq paydo bo‘lgan odam meni, ayniqsa, hayratda qoldirdi. U dorixonada kirib, doka sotib oldi! O‘sha yerda ancha ushlanib qoldi. Shuning uchun u hozir tirik.
Hozir tirbandlikda qolib ketsam, liftni kutib qolsam, telefonga qayta-qayta javob berishga to‘g‘ri kelsa, xullas g‘ashimni keltiruvchi mayda-chuyda narsalar sodir bo‘lsa, o‘zimcha o‘ylaymanki, Xudo menga yaxshilikni ravo ko‘rmoqda. Keyingi safar tongingiz g‘alati boshlanganini his qilsangiz, bolalar sekin kiyinayotgan bo‘lsa, mashinangizning kalitini topa olmayotgan bo‘lsangiz, har bir svetoforda qolib ketaversangiz, xafa bo‘lmang yoki jahlingiz chiqmasin, o‘zingizni qo‘lga oling: Xudo sizni himoya qilmoqda. Hammasini yaxshilikka yo‘ying".
Muallif: Igor Guberman
©️ Sarvar Rahimiy tarjimasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
|
Telegram |
Facebook |
Youtube| Instagram|