#birdamjamiyat
MURABBIYNING DEGANLARI
Futbol bo‘yicha 17 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi finalda mezbonlar Saudiya Arabistoni yoshlariga qarshi to‘p tepdi. O‘yinning birinchi taymidayoq hakamlar bizning ikki nafar futbolchimizni maydondan chetlatdi. O‘n besh daqiqalik tanaffusga yoshlarimiz ruhiy og‘riq bilan chiqdi. Biroq shunday o‘ta murakkab pallada bosh murabbiy Islombek Ismoilov barcha yukni o‘ziga olib, bolalarni uyg‘otuvchi so‘zlar aytdi.
Shikoyat befoyda – bo‘ldi bo‘lar ish,
Bu yog‘iga bardam turmoqlik kerak.
Kerakmas desangiz mabodo kumush –
Gol o‘tkazish emas, urmoqlik kerak!
Bandasi doimo bo‘lolmas xolis,
Sotib olish mumkin barcha odamni.
Ka’bada tursa ham Ka’badan olis
Hakamga eslating Oliy Hakamni!
To‘qqiz kishimiz deb siqilmang zinhor,
O‘qing “Tarix” degan kitobni bir-bir.
O‘n ikki ming qo‘shin bilan ulug‘vor
Yuz ming askarni yer tishlatgan Bobur!
Hamon to‘p yumaloq – tekisdir maydon,
Bittangiz, shubhasiz, o‘nga tatiysiz!
Dars berib qo‘ying arabga, zotan –
Har biringiz bitta Zamaxshariysiz!
Qoningizda oqar ko‘hna jasorat,
Intilgan insonga tole ham yordir.
Uddalab bo‘lmasdek ko‘rinar garchand –
O‘limdan boshqasin iloji bordir.
Bizga qadalgandir dunyoning ko‘zi,
O‘ynang o‘zni bosib, jilmayib-kulib...
Shunday zafar quching – raqibning o‘zi
Sizni tabriklasin birinchi bo‘lib!
Ey millat ko‘ksida ungan lolalar,
Haqiqat sinmagay, garchi bukildi.
Bu shunchaki kubok emas, bolalar,
O‘yinga o‘zbekning ori tikildi!
Ha, aytgancha, o‘rtoq Ne’matullohjon,
Darvozani yoping – qil ham sig‘masin.
Omad kulib, agar bo‘lsak chempion –
Qoshni qimirlatish esdan chiqmasin!
Taqdirda bo‘lmaydi erta yoki kech,
Boshida yig‘latsa, oxir kuldirgay.
Ikki kishi kammiz deya qo‘rqmang hech –
Birin xalq, birini Xudo to‘ldirgay!
Vatan deb raqibni yengdingiz ko‘plab,
Mayli, ota-ona, do‘st-yorni o‘ylang.
Endi bir iltimos, bor kuchni to‘plab,
Murabbiylar uchun, men uchun o‘ynang!
Birlashing – bir bo‘ling, bir jon – bir nafas,
Hech kimni ayblamang, qilmang ohu zor.
Va oxirgi so‘zim — siz to‘p teping, bas,
Xudoga ishoning! U, albatta, bor!
Зоҳиджон ОЛОВ,
Ўзбекистон Ёзувчилар уюшмаси аъзоси.21.04.2025
👉Kanalimizga ulaning va doʻstlaringizga ulashing:
👉https://t.me/RMMMTSHB