Tadqiqot Bo‘shliqlarini Qanday Aniqlash Mumkin?
Avvalroq tadqiqot bo’shliqlari turlari haqida yozgan
edik.Endi ularni qanday aniqlash haqida ma’lumot beramiz:
1️⃣ Tadqiqot yo‘nalishini aniqlang
Bo‘shliqni topishdan oldin, umumiy tadqiqot yo‘nalishingizni belgilab oling. Bu nisbatan oson ish – avvalgi qiziqishlaringizdan kelib chiqish yoki ilmiy rahbaringiz maslahatiga quloq solish mumkin.
2️⃣ Ushbu yo‘nalishda 5-10 ta adabiyotlar sharhi (literature review)ni o‘qing
Yo‘nalish aniq bo‘lgach, sohada eng muhim va dolzarb bo‘lgan 5-10 ta adabiyotlar sharhini toping. Bu maqolalar sizga mavjud tadqiqotlarning umumiy holatini taqdim etadi (qanday maqolalar yozilgan, qanday metodlar qo’llangan, kimlar yozgan, qaysi mavzular trendda, qaysilari yetishmaydi, vhk). Ularni diqqat bilan o‘qib chiqib, sohadagi mavjud adabiyotlarni tushunib oling.
Bunday maqolalarni mavzu/yo’nalishingiz nomi + systematic literature review, yoki bibliometric review deb qidirsangiz bo’ladi.
3️⃣ Sharhlardagi kelajak tadqiqotlari haqidagi fikrlarga e’tibor bering
Ushbu maqolalarni o’qish davomida kelajak tadqiqot yo‘nalishlari, hal etilmagan muammolar va muhokama qismlariga diqqat qiling. Ulardan 3-5 ta dolzarb tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlang.
4️⃣ Tanlangan yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud adabiyotlarni tekshiring
Kimdir qilgan ishlarni qayta qilmaslik uchun, tanlagan yo’nalishingizdagi asosiy tadqiqotlarni ko’rib chiqing. Bir-biriga o’xshash maqolalar ko’p bo’lgan yo’nalishlarga e’tibor bermang.
5️⃣ Qolgan tadqiqot yo’nalishlarini ilmiy rahbaringiz bilan muhokama qiling
Ushbu yo‘nalishlar bo’yicha bir nechta slayd tayyorlab, ularni ilmiy rahbaringiz bilan muhokama qiling. Ushbu bosqichda siz va ilmiy rahbaringiz eng katta salohiyatga ega bo’lgan yo‘nalishni tanlashingiz kerak.
6️⃣ Tanlangan yo‘nalishda adabiyotlar sharhini qiling
Aniq yo‘nalish tanlangandan so‘ng, ushbu yo’nalishda adabiyotlarni ko’rib chiqing. Agar bu yo‘nalishda hech qanday maqola topilmasa, bu yo‘nalish yoki juda yangi, yoki tadqiqotga arzimaydigan mavzu bo‘lishi mumkin.
7️⃣ Adabiyot sharhi orqali aniq bo‘shliqlarni aniqlang
Adabiyot sharhi jarayonida tadqiqot bo‘shlig‘ini aniq belgilab olishingiz kerak. Lekin bu o’zidan-o’zi bo’lmaydi. Har bir maqolani o‘qiyotganda, yangi tadqiqotlarga arziydigan fikrlarni yozib boring. Bu maqolangizning muhokama yoki kelajakdagi tadqiqotlar bo‘limiga asos bo‘ladi.
8️⃣ Tadqiqot bo‘shlig’ini to‘ldirish uchun imkoniyatlaringizni tekshiring
Tadqiqot bo‘shlig‘ini aniqlaganingizdan so‘ng, ushbu tadqiqotni olib borish uchun qanday resurslar (odamlar, ma’lumotlar, infratuzilma, asbob-uskunalar va boshqalar) kerakligini aniqlang. Ishni boshlashdan oldin bu resurslarga qiyinchiliksiz yeta olishingizga ishonch hosil
qiling.
🔍Siz mavzuingizni qanday topgansiz?
Bizni kuzatib boring
@phdustoz