Bugun – qutlugʻ kun: ham Ramazonning, ham Bahorning birinchi kuni. Men uchun yana bir muhim jihati, bugun – Onamning tavallud topgan kuni.
Baxtimizga doimo sogʻ-omon boʻling, ayajon. Tugʻilgan kuningiz bilan tabriklayman!
AYA
Hovlimizni gulbogʻ qilib, gul ekasiz,
Dildan hasrat pechaklarin yuling, aya.
His qilaman: baʼzan pinhon gʻam chekasiz,
Sizga kulgi yarashadi, kuling, aya.
Koʻylak kabi toʻzdimi yo xush chogʻingiz,
Shamol bilan toʻldimi keng quchogʻingiz.
Choʻgʻi oʻchib, sovimasin oʻchogʻingiz,
Oʻzim olay koʻnglingizning kulin, aya.
Boshimizda yoʻl boshladi qarchigʻay, sor,
Boʻyladig-u, keng dalamiz tuyuldi tor,
Toychoqlarin izlab bir ot kishnadi zor,
Bizlar – tarqab ketgan bebosh qulun, aya.
Olti bola, olti taqdir, olti yoʻlak,
Har birining bugun oʻyi, uyi boʻlak.
Nabiralar irgʻishlaydi, qilgay halak –
Qoshingizda bir juft oʻgʻil, kelin, aya.
Goho oylab choʻzilar uch yuz chaqirim,
Oʻchirmoqchi boʻlib sogʻinch choʻgʻ-chaqinin.
Agar oʻngʻay emas oʻng – tushda chaqiring,
Yoki… bizni baxtli qiling – keling, aya!
Borimiz ne, yoʻgʻimiz ne – siz egasiz,
Bagʻrimizni gulbogʻ qilib, gul ekasiz.
Oltinsiz – eng qadri baland, boy bekasiz,
Sizga kulgi yarashadi, kuling, aya!
––––––––––
АЯ
Ҳовлимизни гулбоғ қилиб, гул экасиз,
Дилдан ҳасрат печакларин юлинг, ая.
Ҳис қиламан: баъзан пинҳон ғам чекасиз,
Сизга кулги ярашади, кулинг, ая.
Кўйлак каби тўздими ё хуш чоғингиз,
Шамол билан тўлдими кенг қучоғингиз.
Чўғи ўчиб, совимасин ўчоғингиз,
Ўзим олай кўнглингизнинг кулин, ая.
Бошимизда йўл бошлади қарчиғай, сор,
Бўйладиг-у, кенг даламиз туюлди тор,
Тойчоқларин излаб бир от кишнади зор,
Бизлар – тарқаб кетган бебош қулун, ая.
Олти бола, олти тақдир, олти йўлак,
Ҳар бирининг бугун ўйи, уйи бўлак.
Набиралар ирғишлайди, қилгай ҳалак –
Қошингизда бир жуфт ўғил, келин, ая.
Гоҳо ойлаб чўзилар уч юз чақирим,
Ўчирмоқчи бўлиб соғинч чўғ-чақинин.
Агар ўнғай эмас ўнг – тушда чақиринг,
Ёки… бизни бахтли қилинг – келинг, ая!
Боримиз не, йўғимиз не - сиз эгасиз,
Бағримизни гулбоғ қилиб, гул экасиз.
Олтинсиз – энг қадри баланд, бой бекасиз,
Сизга кулги ярашади, кулинг, ая!
@n_jonuzoq