❗XIX asrda Markaziy Osiyo uchun Rossiya va Buyuk Britaniya kurashi kuchaygani koʻpchilikka maʼlum. Markaziy Osiyo va Eron ustidan hukmronlik uchun kechgan ikki davlat qarama-qarshiligi tarixda “Katta oʻyin” deb ham ataladi.
Rossiyaning Markaziy Osiyoga bosimlari kuchayib borishi bilan Angliya Buxoro va Xivaga oʻz elchilarini yubora boshlaydi. Ulardan birinchisi Aleksandr Byornli ancha muvaffaqiyatli harakat qiladi va Angliya birinchi boʻlib Buxoro haqida qimmatli maʼlumotlarni yetkazadi.
Biroq ikkinchi va uchinchi elchilar, Charlz Stoddart va Artur Konolli taqdiri ogʻir boʻladi. Amir Nasrullo ularning boshini oldiradi.
Qizigʻi, Rossiya bosqinga qarshi kurashda katta yordam berishi mumkin boʻlgan Angliya elchilari juda arzimas sabab bilan qatl qilib yuboriladi. Xususan, tarixchi Mirzo Olim Maxdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarida bu voqea haqida shunday deyilgan:
“1254 sanayi hijriyda, 1838 milodiyda Buxoroyi sharifga, amir Nasrulloxon huzuriga inglis hukumati tarafidin elchi boʻlub, polkovnik Sutud Dorat/Stoddardt kelgan edi. Mundin buyon inglis hukumati birinchi dafʼatan boshlab, Movaraunnahr hukumati ilan munosabati dustona turmoqqa niyat va mubosharat etgan edi.
Elchi boʻlub kelgon Sutud Doratning maslak va muddaosi inglislar tarafidin biror turlik yomon niyat va yo zarar kelturmaslikga amirni ishonturub, boshqa davlatning, yaʼni Rusiyaning bu mamlakatlarga qasd va tajovuzidin saqlamoq va mudofaa etmakni xohlagandin iborat edi. Muning ila barobar, agar amir xohish qilib, munosib koʻrsa, Buxoro askarini jadid va tezotar toʻplar ila silohlanturmak va askariy muallimlar bermak va Rusiyaning xufya harakat muddaosidin Buxoro hukumatini xabardor etmak edi. Amir Nasrulloh inglis elchisini ikki martaba huzuriga qabul qilib, yaxshi muomala koʻrsatib, baʼd ul yaxshi muomalasini tabdil qildi. Polkovnik Sutud Dorat mirzoxona va kotibxona tarbiyasidin olgan yumshoq siyosiyunlarda boʻlmay, askariy tarbiya olmish toʻgʻri, jasur, qattigʻ va oʻtkur bir odam edi. Muning uchun Buxoroning eski usuli rusumlariga ortuq darajada diqqat qilib, zehn solmagan edi.
Doimo elchixonadin chiqib, Buxoro bozorlarini tomosho qilur edi. Aksar otliq yurub, Arki oliy maydonidin, yaʼni Registondin oʻtar vaqtda ahli shahar odati boʻyincha otdin tushmas edi. Vaholanki, amir turadigan Arki oliy oldidin oʻtarda amirga eʼzoz yuzasidin otdin tushub oʻtar edilar. Inglis askari maʼmuri Buxoroning bu tarifa eski odatlaridin gʻofil boʻlur edi va yoki bu tartiblarga lozim darajada ahamiyat bermas edi. Har nima boʻlub amir Nasrulloh elchiga gʻazablanib, zindonga solmoqga farmon berdi.
Amir Nasrulloh shul darajada qahru gʻazablik edikim, hech bir vazir roʻbaroʻsiga kelib ishning nomaʼqulini aytolmas edi. Ul vaqtlarda Buxaro umarolari orasida Rusiyaning va inglisning va ahvoli olamning nima ekanligini bilgan kishi yoʻq edi. Balki inglis elchisining hibs boʻlganiga xursand boʻlub “bizim amir shul tarifa ulugʻdurkim, bu tariqa shavkatlu inglis elchisini zindonga band qildi”, degan fikrlar ila tafoxir qilur edilar”.
Mana shundan keyin Stoddart ikki yil zindonda yotgan va keyin qatl qilingan. Amirning obroʻtalabligi, uning odatlarini bilmagan xorijliklardan ham hurmattalabligi davlatning kelajagiga taʼsir koʻrsatdi. Ikki buyuk davlat raqobatidan unumli foydalanib, oʻz harbiy salohiyatini oshirish oʻrniga amir magʻrurlik va kibr bilan oʻz kelajagiga bolta urdi. Buning tovonini esa uning xalqi
toʻladi.
Library @centerasia_library
Kanalga obuna bo‘ling
👉@centerasiastudy