Kambagʻallik ayb emas, ayniqsa Oʻzbekistonda
“Agar kambag’al bo’lib tug’ilsang, bu sening aybing emas, lekin kambag’al bo’lib o’lsang bu sening aybing” degan gapni eshitgan boʻlsangiz kerak. Yoki Dostoyevskiyning “kambagʻallik ayb emas, yoʻqchilik illat” degan jumlasi juda mashhur. Koʻpchilik qashshoq insonlarni shunday boʻlishida ularning oʻzini ayblaydi. Ammo kambagʻalning kambagʻal boʻlishiga uning oʻzi toʻliq sababchi boʻlmasachi?
Esingizda boʻlsa, qobiliyatsizlik va erksizlik tufayli kambagʻal boʻlishning farqi haqida
yozgan edim. Unga koʻra, Erksizlik — bu tashqi aralashuv tufayli biror ishni qila olmaslikdir, qobiliyatsizlik esa insonning tabiiy cheklovi bo‘lgani tufayli biror ishni qila olmaslikdir.
O‘zbekistonda ko‘plab odamlar kambag‘allik sababini insonlarning erinchoqligi yoki qobiliyatsizligida deb bilishadi. Go‘yoki “ishlasa topadi, yaxshi yashashni o‘zi istamaydi” deb hammaga bir xil o‘lchov bilan yondashiladi. Lekin bu menga juda “yalqov javob”dek tuyuladi. Asl sabab bunda emas.
Bilamizki, uzoq yillardan buyon savdoga qoʻyilgan cheklovlar tufayli bozorga kirish na xaridor sifatida va na ishlab chiqaruvchi sifatida qiyin. Biznes boshlamoqchi boʻlsangiz ortiqcha ruxsatnoma va litsenziyalarni olishingiz kerak. Chet el bilan savdo qilmoqchi boʻlsangiz ortiqcha bojlarni toʻlashingizga toʻgʻri keladi. Ya’ni siz oʻzingiz istagan faoliyat bilan shugʻullanishda kimdir oʻylab topgan sun’iy toʻsiqlarga duch kelasiz.
Bundan tashqari, soliqlarning keragidan ortiq yuqori ekanligi insonlarning yetarlicha boy boʻla olmasligiga sabab boʻladi. Soliqlar, Robert Nozick aytganidek majburiy mehnatga, boshqacha qilib aytganda qullikka teng. Uning fikricha soliqlar insonni qoʻshimcha mehnat qilishga undaydi, demak uni ekspluatatsiya qiladi, bu esa qullik bilan bir xil ma’noga ega. Demak, davlat minimal darajada boʻlishi kerak va soliq faqat davlatning fundamental funksiyalari uchungina yigʻilishi kerak xolos. 2020-yildan 2024-yilga qadar, soʻngi 5 yil ichida Oʻzbekistonning byudjet daromadi YAIMning oʻrtacha 30-32%ini tashkil qilganini inobatga olsak, yuqori soliq yuki borligini tushunish mumkin.
Qolaversa, korrupsiya, nepotizm va favoritizm alomatlari borligi tufayli muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari noteng taqsimlangan. Bilim va mehnat emas, kimni tanishing yoki kimning “odami” boʻlish muhimroq. Shu orqali goʻyoki hamma uchun birdek joriy qilingan qoidalarni aylanib oʻtish mumkin. Favoritizm tufayli esa korxonalar kengaya olmaydi. Chunki korxonaning bozor ulushi kengayganda, siyosiy kuchga ega insonga yaqin korxonaning ulushi kichrayishi mumkin. Bu esa kengaymoqchi boʻlgan korxonalarga toʻsiqlar oʻylab topilishiga va hokimiyat odamlariga yaqin korxonalarning bozorda qolishiga olib keladi.
Bu kabi omillar tufayli oddiy insonlar nafaqat muvaffaqiyatli boʻlolmasligi mumkin, balki aslida noloyiq boʻlgan muvaffaqiyatlilarning muvaffaqiyati uchun koʻrinmas toʻlovlarni ham toʻlashi mumkin. Bu haqida batafsil
“nepotizm va regressiv mexanizm” nomli kichik bir maqolada oʻqishingiz mumkin.
Shunday ekan, bizdagi kambagʻal insonlarning kambagʻal boʻlgani uchun ularning oʻzi aybdor emas deb oʻylayman. Va umid qilamanki, 2016-17-yillardan keyin boshlangan islohotlar oʻz natijasini beradi va adolat yanada mustahkamlanadi!
@economist_martin