Shu haftalarda Tramp administratsiyasining iqtisodiy va tariflar siyosati yaxshigina testdan o'tadi.
Tramp o'zini-o'zi qiyin ahvolga solib qo'ydi. Bir tomondan buzg'unchi g'oyaga va
mantiqsizlikka asoslangan tarif siyosati fetishizmi bo'lsa, ikkinchi tomondan bozorlar, bizneslar, iste'molchilar ham buning salbiy oqibatlarini o'z tanalarida his qilayotganliklari. Krugmanning bugungi
kolonkasi shu haqida ham - amerikalik kattayu-kichik tadbirkorlar Trampga ovoz berganlarida uning pro-biznes siyosati aslida biznesga qarshi ishlashini anglamaganlar. Ikki kundan so'ng AQShda import qilinadigan barcha avtomobillarga 25 foizlik boj amalga kiradi. Bu mutlaqo barcha uchun yomon yangilik, mahalliy ishlab chiqaruvchiga ham, xorijlik ishlab chiqaruvchiga ham, iste'molchiga ham. Mashinalar narxi oshadi, Tramp esa buning menga qizig'i yo'q
debdi...
Bu ahmoqona tarif siyosati uzoq davom etishi mumkin emas. Menga Jo Politanoning gapi yoqdi: "Bu tariflar ruhiy holat yaxshilanmaguncha davom etaveradi." Bu administratsiya toki ruhiy holatini yaxshilab, to'xtang, biz nima qilyapmiz o'zi demaguncha davom etaveradi. Hech qaysi iqtisodchi ham, demokratchilar ham bu ruhiy holatni chetdan yaxshilab bera olmasa kerak. Chunki, qilayotgan ishlaringiz ahloqqa ham, ilm-fan qonuniyatlarga ham, mantiqqa ham to'g'ri kelmaydi degb qarama-qarshi fikr berganlar qandaydir g'arazli dushmandek ko'rilyapti. Masalan, Obamaning moliya vaziri va Garvard professori Larry Sammers bu administratsiyaning tariflar haqidagi gaplarini "be'mani"
degandi. Butun boshli iqtisodiyot fani bir yoqadan bu yomon, buni asorati xorij mamlakati emas, mahalliy amerikalikning boshiga tushadi desa, Trampning vaziri Bessent Summersga qarshi adekvat munozara qilish o'rniga "Sammers o'zi pulga gapiryapti bu gaplarni" debdi. Bessent shunchaki nafaqat butun boshli iqtisodiyot fanini adashganlarga chiqaryapti balki sog'lom munozaraga ham bormayapti. Navarro tariflarni soliqlarni oshirish bilan emas, aksincha soliqlarni tushirish bilan barovar
debdi. Iqtisodiy savodsizlik, va yolg'onga asoslangan gaplar. Birinchi muddatdan farqli o'laroq, ikkinchi muddatda Trampning atrofida birorta ham sog'lom fikr va qarshi argument beradigan odam qolmagani haqida
yozganman.Xo'sh, shu ruhiy holat qanday yaxshilanib qoladi. Nima turtki bo'ladi?
Bozordagi ko'rsatkichlar va ashaddiy elektoratning o'z cho'ntagi, ishini yoqotishi, ro'zg'ori qimmatlashayotganini anglaganda. D. Tramp uchun ikkita ko'rsatkich qolganlaridan muhim. Birinchisi TV reyting, ikkinchisi fond bozori. Birinchi chorakda S&P500 indeksi 1980-yillardan beri dunyoning qolgan qismiga nisbatan eng yomon ko'rsatkichda. Biroz chidab turinglar, hammasi yaxshi bo'lib ketadi deb har qachongidan ham barqaror bo'lib turgan iqtisodiyotni besabab cho'ktirilishi nafaqat Wall Streetda, balki Main Streetda ham sezilyapti.
Iste'molchilarning iqtisodiyotga ishonchi qisqarmoqda (2022 yildan beri eng pastda) inflyatsiya tezlashmoqda, bizneslar sarmoyalarni to'xtatib turibdilar. Ikkinchi tarafdan midterm saylovlari yaqin. Azaldan respublikachilar yutib kelgan okruglardagi majlislar keskin bo'lyapti, respublikachi vakillarga ishonch kamaymoqda. Pensilvaniya shtati senatiga 130 yildan beri demokrat saylanmagan okrugda yaqinda demokrat vakil yutibdi. Stefanikni ham midterm saylovlardan qo'rqib BMTga elchi nomzodligidan qaytarib oldi, bu ham Trampning midterm saylovlardan qo'rqayotganini bildiradi.
Xullas, FOXga chiqib o'z elektoratiga qandaydir kichkina va nomiga g'alabani e'lon qilib, bo'ldi biz yutdik endi iqtisodiyotni ko'taramiz deb ahmoqona tariflardan chekinib bozor va iqtisodiyotni qasddan cho'ktirilishini to'xtatadimi yoki tariflarga bo'lgan zararkunanda fetishizimini davom ettiradimi. Ikkinchisi bo'lsa unda o'z elektoratining ham sabri uzoq davom etmaydi. Hech kimga ish yoqotish, ro'zg'orga asossiz qimmat narx to'lash, va cheksiz yolg'onlarni eshitaverish yoqmaydi.
@uzbekonomics