“Xalqaro biznes forum – Jizzax 2025”: Yangi imkoniyatlar va mustahkam hamkorlik sari qadam
Jizzax viloyatining investitsion jozibadorligini namoyon etish, xalqaro va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini muhokama qilish hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida Zomin tumanida “Xalqaro biznes forum – Jizzax 2025” tadbiri o‘tkazildi.
Viloyat hokimligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi hamda qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur forumda jahonning 40 ga yaqin davlatidan 300 dan ortiq investor va ishbilarmon doira vakillari, mahalliy tadbirkorlar, davlat organlari va hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Forum doirasida Jizzax viloyatining investitsiyaviy imkoniyatlari, qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha loyihalar taqdimoti hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar va qulay shart-sharoitlar muhokama qilindi.
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev tadbirda ishtirok etib, barcha mehmonlarni samimiy qutladi. Uchrashuvlar davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi. Shu bilan birga, viloyatning sanoat infratuzilmasi va qulay biznes muhiti ishtirokchilarga yaqindan tanishtirildi.
Forum doirasida Ulug‘bek Mustafoyev mamlakatdagi elchilar hamda xorijiy biznes doira vakillari bilan qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Natijada, bir qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Forum ishtirokchilari uchun maxsus ko‘rgazmalar, B2B formatdagi uchrashuvlar va investitsiya loyihalari taqdimotlari tashkil etildi. Shuningdek, mehmonlar Zomin tumanidagi tabiiy go‘zalliklar va sayyohlik obyektlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Forumning ikkinchi kunida Suffa platosida zamonaviy ekstremal sport turi — Zipline maskani ishga tushirildi. Ushbu inshoot nafaqat havaskorlar, balki professional sportchilar uchun ham mo‘ljallangan bo‘lib, tabiat bag‘rida faol dam olish va adrenalinni his qilish istagidagi fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ochilish marosimida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov ishtirok etib, mazkur loyihaning ahamiyati haqida ma’lumot berdi. Xorijiy va mahalliy mehmonlar ham tantanali ochilishda qatnashib, Zipline maskanining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Yangi loyiha nafaqat turizmni rivojlantirish, balki mahalliy aholi bandligini ta’minlash va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum doirasida ishtirokchilar Zomin tumanidagi ishlab chiqarish korxonalarini ko‘zdan kechirib, “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasida tashkil etilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan ham tanishdilar.
“Xalqaro biznes forum – Jizzax 2025” Jizzax viloyatini yangi bosqichda global iqtisodiy hamkorlik sari yetaklovchi muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
📲
Jizzax.uz sayti sahifalariga aʼzo boʼling:👇
Telegram|
jizzaxviloyatihokimi|
Facebook|
YouTube|
Instagram|
ok.ru|@jizzaxuz_bot|
X|