O'zbek tili yana mavzu bo'libdi. Men ohirgi payt milliy o'zlik va davlatchilik mavzusiga qiziqib qolganim sabab diskussiyalarni, argumentlarni kuzatish juda qiziq.
Avval qisqa munosabatimni aytib o'tsam. Rus bog'chadan rus institutgacha tarbiya va ta'lim olgan odam sifatida mening pozitsiyam o'zbek tilida o'qiganlarning pozitsiyasidan farq qilishi tabiiy. Uyda o'zbek tilida gapirganim sababdir, mutlaq "ruslashib" ketmadim. Ammo o'zbek tili muhimligini o'zim uchun nisbatan kech, 2-3 yil oldin angladim. O'shandan beri rus emas, o'zbek tilida, xatolar bilan bo'lsada, yozaman.
Xullas, men uchun, aksar bu mavzuda yozuvchi insonlardan farqli o'laroq, o'zbek tilida gapirish va yozish bu milliy masala emas, balki avvalambor sinfiy. O'zbekistonda rus tilida so'zlashuvchilar shunchaki fuqarolar emas, balki katta rag'batga ega qatlam vakillari. Rus tilini bilsang hayotiy imkoniyatlaring balandroq. Oyliging, turmush tarzing va moddiy holating aksar hollarda faqat o'zbek tilida so'zlashuvchilardan teparoq. Rus tilini bilish bu shu jumladan sinfiy marker, ijtimoiy ierarxiyada balandroq joyga egalik qilishga da'vogarlik.
Shu yurt aholisining aksari gapiradigan tilda gapirish va muloqot qilish, shu sabab, men uchun tenglik masalasi. Milliy masala emas. O'zbek tili rus tili sabab o'layotgani ham yo'q, rivojlanishdan ortda qolayotgani ham yo'q. Qirg'iziston, Qozog'iston yoki Ukrainada mavjud til muammosi bizda mavjud emas. Rus tili o'zbek tilini siqib chiqarayotgani yo'q. Aksincha, mustaqillikdan beri rus tili tobora marginallashib bormoqda va asosan poytaxtning o'rta va undan tepa qatlamining tili bo'lib qolmoqda. Sovet davrida rus tilini bilish bo'yicha O'zbekiston aholisi Tojikiston bilan birga ohirgi o'rinlarda bo'lganini gapirmasa ham bo'ladi.
Millat bo'lish uchun til umuman muhim emas. Barcha restoran va kafelar o'zbek tiliga o'tsa, barcha rusiyzabonlar faqat o'zbek tilida gapira boshlasa, birdan millat bo'lib qolmaymiz. Birinchidan, o'zlik darajasida biz allaqachon millat bo'lib bo'lganmiz. Buni tasdiqlovchi tadqiqotlar yetarli. Ikkinchidan, til masalasi siyosiylashuvi shunchaki real bor muammoni artikulyatsiya qilish uchun adekvat til yo'qligidan holos. Muammo esa avvalambor siyosiy - hokimiyat egalari, ularning oila a'zolari, shartli siyosiy va iqtisodiy elita rus tilida gapirishi, o'qishi, yangiliklar tinglashi va tafakkur qilishida. Shuni ochiq aytishga dux yetmagani sabab Bondagi kassir qizlardan alamimizni olib yuribmiz.