Your trial period has ended!
For full access to functionality, please pay for a premium subscription
Message
Sinov (hikoya). Frans Kafka

Men xizmatkorman, lekin menga hech qanday ish buyurilmaydi. Tortinchoqman, oldinga intilmayman, hattoki boshqalar bilan bir safda turishga ham harakat qilmayman. Biroq bu – meni xizmatga chaqirishmayotganining faqat bir sababi, ehtimol umuman aloqasi yo‘qdir. Asosiysi – hech kim meni chaqirmaydi. Boshqalarni chaqirishgan, ular mendan ko'proq harakat qilishmagan va hattoki ularda chaqirilish istagi ham bo'lmagandir. Lekin men… hech bo'lmaganda ba'zida, bu istakni juda kuchli his qilaman.

Shu tariqa men xizmatkorlar xonasidagi to‘shagimda yotaman, shiftdagi yog‘och to‘sinlarga tikilib yotaman, uxlab qolaman, uyg‘onaman, yana ko‘zim ilinadi. Ba’zan achchiq va nordon pivo sotiladigan bir qahvaxonaga boraman. Ba’zida pivo shu qadar badta’m bo‘ladiki, jirkanganimdan stakanni to‘kib yuborgan paytlarim ham bo‘lgan, lekin ko'pincha ichib qo'ya qolaman. U yerda o'tirishni yoqtiraman, chunki kichkina yopiq derazadan, birov payqamasdan, uyimizning derazalariga qaray olaman. Ko'p narsa ko'rinmaydi - bilishimcha faqat shu bizni yo'laklarning derazalari ko'chaga qaragan va hattoki xo'jayinlarimning uylariga olib boradigan yo'laklar ham unday emas. Ammo yanglishayotgan bo‘lishim ham mumkin – buni bir kishi aytgan edi, men undan so‘ramasam ham, valekin bu binoning tashqi ko‘rinishi ham bunga mos tushadi. Derazalar juda kam ochiladi, ochilganda ham faqat biror xizmatkor chiqib, panjaraga suyanib bir oz pastga qarab turadi, xolos. Shundan kelib chiqadiki, bu yo‘laklar odamni kutilmaganda ushlab olish mumkin bo‘lmagan joylardir. Aslida, men bu xizmatkorlarni shaxsan tanimayman. Yuqorida doimiy ishlaydigan xizmatkorlar boshqa joyda tunashadi, mening xonamda emas.

Bir kuni qahvaxonaga borganimda, odatiy joyimda boshqa bir mehmon o‘tirgan edi. Men uni ko’ziga qarashga jur’at etolmadim, sekin eshikdan qaytib chiqib ketmoqchi bo‘ldim. Ammo u meni chaqirdi. Va ma’lum bo‘ldiki, u ham xizmatkor ekan. Uni ilgari bir joyda ko‘rganman, lekin hech qachon gaplashmaganmiz.

— Nega qochmoqchisan? O‘tir, bir narsa ich! Men to‘layman, — dedi u. Men ham o‘tirdim. U menga bir necha savol berdi, lekin javob bera olmadim, hatto savollarini to‘liq tushunmadim ham. Shunda dedim:

— Balki meni chaqirganingdan afsuslanayotgandirsan, yaxshisi, keta qolay.

O‘rnimdan turmoqchi bo‘ldim, lekin u stol ustidan qo‘lini cho‘zdi-da, meni joyimga o’tirg’izdi:

— Qol, — dedi u, — bu shunchaki sinov edi. Savollarga javob bermaydigan odam — sinovdan o‘tgan hisoblanadi.


Ingliz tilidan Samandar Erkinjonov o'girmasi

@fargona_kitobxonlar_klubi #oy_muallifi
04/24/2025, 09:03
t.me/fargona_kitobxonlar_klubi/723
Similar message chronology:
Newest first
Similar messages not found