“Duch” bilan “duchor”ning, “ancha” bilan “anchayin”ning farqi bor
Yozuvchilar, olimlar, jurnalistlarning ijodiy faoliyati davomida tilga yangi soʻz va ifoda shakllari koʻp kirib keladi. Ilmda bular neologizm deyiladi.
Biroq har qanday neologizm ham tilni boyitib, ijobiy hodisa boʻlavermaydi. Qalamkashlar baʼzan soʻzning tub maʼnosini bilmasligi yoki oʻzi yuklamoqchi boʻlgan yangi maʼnoni ifoda etadigan boshqa bir soʻz borligidan bexabar boʻlishi ham mumkin ekan.
Shoirlarimizdan biri yozadi:
Qadim tiyin topsak, quvonar edik,
Nogoh xazinaga kelgandek duchor.
Endi-chi? Million-million oʻpirib,
Na nomus qilamiz va na undan or.
Oʻzbek tilida
xazinaga… duchor kelinmaydi, duch kelinadi! Baloga, qirgʻinga, yomonliklarga duchor kelish desa, boshqa gap. Duch bilan duchor soʻzlaridagi shakliy va maʼnoviy yaqinliklarni farqlash oʻrniga ularni qorishtirish nomaqbul neologizmni yuzaga chiqargan. Yoki shu toʻrtlikdan yana bir misol: millionlab pulni oʻmarish mumkin, oʻpirib boʻlmaydi, toshqin suv esa qirgʻoqlarni oʻpiradi, oʻmarmaydi!.. Nainki, xalq tilini xalq shoiridan himoya qilishga toʻgʻri kelsa?
Hozirgi kunda soʻzlarga oʻzgacha maʼno yuklash, soʻz bilaman deb koʻkrakka urish kasali avj oldi. Nafaqat oddiy jurnalistlar, hatto yozuvchilarning asarlarida ham gʻalat ifoda shakllari bodrab ketdi.
Ancha degan soʻz bor. Xiyla, koʻpgina degani. Ammo dilidagi tuygʻular toʻlib-toshib ketgan palla baʼzi qalamkashlar anchaga qanoat qilmay, uning maʼnosini
yanada orttirish maqsadida anchayinni qoʻllashadiki, bu aldoqchi shakldir, chunki anchayin ancha degani emas. Aksincha, shuning teskarisini – shunchaki, arzimas degan maʼnolarni bildiradi.
Zuhriddin Isomiddinov
“Ne qilayin sening bila, ey til…” maqolasidan
@oriftolib |
Boshqa sahifalarimiz