KITOB
Yo zamon o'zgardi, yoki odamlar,
Ko'krakning yurakdan tonganin ko'rdim.
Bu shoir qalbimni o'rtadi g'amlar,
Kitobning tandirda yonganin ko'rdim.
Bir onda tandirga aylandi ko'ksim,
Dilsizlar dilimni qonga bo'yadi.
Qarayman, hattoki eng yaqin do'stim,
Shoir, qalay, deya kulib qo'yadi.
Bu lahza kitobim taftida pishgan
Kulchaga boqdimu zorlanib ketdim.
Tushlardan ayrildim, ayrildim hushdan,
Shoirman, deyishga orlanib ketdim.
Yo zamon o'zgardi, yoki odamlar,
O'zgarib qolganman va yoki o'zim.
O'zimning she'rimni o'layin agar,
O'qimay qo'yganman hattoki o'zim.
Mana, odamlarga o'xshayman deya,
Ko'kragimni qorga bosib yuribman.
Axir, men kim uchun ming azob yeya,
Axir, men kim uchun yozib yuribman?
Ko'nglim yo'l boshladi, yurdim izma-iz,
Hayotning baland-past yo'llari bilan.
Bir kun ko'zim tushdi, ko'zi ojiz qiz
Kitob o'qir edi qo'llari bilan.
✍️ Iftixor Xonxo‘jayev
🏛Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Farg'ona viloyati boʻlimi
Telegram |
Facebook |
Instagram