Xayrli kech, do‘stlar! Bugun – dushanba – og‘ir kun yakuniga yetyapti. Ammo bu “1000 kitob” loyihasi doirasida tarjima qilingan kitoblar haqida ma’lumot olishga to‘sqinlik qilmaydi.
Xabaringiz bor, loyiha doirasida 2024-yili o‘zbek tiliga o‘girilgan 50 ta kitobning dastlabki 27 tasini chop etish uchun tender
e’lon qilingan (davom etmoqda). Bugundan ushbu kitoblar bilan birma-bir tanishtirishni boshlaymiz. Demak, bizda birinchi kitob – “Ekologiya: O‘ta qisqa tanishtiruv”.
“Ekologiya” – Oksford universiteti nashriyotining “Qisqa tanishtiruv” turkumidagi kitoblardan biri. Unda inson faoliyatining ekologiyaga ta’siri, tabiat muhofazasining ahamiyati haqida so‘z boradi, kitobxonning atrof-muhit borasidagi ijtimoiy va madaniy qarashlarini ham shakllantiradi. Insoniyat duch kelishi mumkin bo‘lgan hodisalarni tushuntirgan muallif hozirgi va kelajakdagi ekologik muammolarni hisobga olgan holda tahlil qiladi.
Ushbu kitob iqlim haqida birlamchi va kerakli ma’lumotlarni oddiy tilda tushuntiradi. U ilmiy jargon yoki murakkab grafiklardan cho‘chiydigan o‘quvchilar uchun ayni muddao. Kitob ekologiyaning asosiy tamoyillari – organizmlar va ularning atrof-muhit o‘rtasidagi munosabatlari, biologik xilma-xillik, ekologik muvozanat va inson faoliyatining tabiiy tizimlarga ta’sirini aniq, qisqa va ravon tarzda ochib beradi. Qisqa qilib aytganda, murakkab muammolar – sodda tilda.
Muallif: Jaburi G‘azul – Syurixdagi ETH universitetining ekotizimlar menejmenti professori, Edinburg universitetining Barqaror o‘rmonlar va landshaftlar markazi direktori.
Holati: tenderda.
Dastlabki adadi: 3000 nusxa.
Tarjimon: Saodat Abdurahmonova.
Sahifalarimizga ulaning va ulashing👇
Telegram |
Facebook |
Instagram |
YouTube |
X