IELTSdan 9 olgan o‘qituvchi darsni qanday olib boradi?
Kecha, 13-aprel kuni
Malika Education tomonidan tashkillashtirilgan o‘qituvchilar uchun treningda ishtirok etdim. Treningni tajribali mutaxassis, First Lady Niner (IELTS 9)
Mamura Yuldasheva olib bordi.
Trening davomida muhokama qilingan mavzulardan biri — bu task-based learning (TBL) boʻldi. Ustozning ta’kidlashlaricha, ko‘pchilik o‘qituvchilar bu yondashuvni noto‘g‘ri yoki me’yordan ortiqcha qo‘llab kelishmoqda. “Topshiriq berildi — bajarildi” tamoyili til o‘rganish amaliyoti uchun yetarli emasligini yodga oldik.
“Til o‘rganish — bu faqat vazifalarni bajarish emas. Bu reflective, ya’ni, chuqur o‘ylashni talab qiladigan jarayon”,
— deydi Mamura opa.
Chindan ham, chet tili mashgʻuloti faqatgina “task completion”dan iborat emas, u o‘quvchining fikr yuritishiga olib keladigan muloqotli jarayon ham boʻlishi zarurdir.
Ko‘p hollarda biz darsga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz, topshiriqlarni puxta tanlaymiz, lekin o‘quvchining o‘sha mashgʻulot orqali nimani anglagani, qanaqa xulosaga kelganini nazorat qilmaymiz. Asl o‘zgarish esa mana shu jarayonda sodir bo‘ladi.
Shuningdek, Mamura opa oʻz darslarida foydalanadigan resurslar haqida toʻxtalib oʻtdi. Ulardan ayrimlari:
ChatGPT, Wordwall va
Mentimeter. Shubhasiz, birinchi va ikkinchisini siz ham faol qoʻllab kelayotgandirsiz. Mentimeter-chi?
Mentimeter — bu real vaqt rejimida so‘rovnoma, ovoz berish, savol-javob, so‘zlar buluti (wordclouds) yaratishga mo‘ljallangan interaktiv resurs.
Mamura opa darslarni ko‘pincha Mentimeter orqali quick polls (tezkor so‘rovnomalar) bilan boshlaydi, oʻquvchilari smartfonlari yordamida ulanishadi, natijalar esa ekran (proektor, televizor, interaktiv doska) orqali bir zumda vizual tarzda ko‘rinadi. Bu oʻz navbatida oʻquvchilatning e’tiborini jalb qiladi, ularga fikr bildirish imkonini beradi va darsga “kirib borish”jarayonini osonlashtiradi. Warm-up yoki Lead-in uchun ayni muddao.
Shaxsan men ham darslarni muntazam ravishda warm-up mashqlar bilan boshlash tarafdoriman. Faqat odatda men
Quizlet, Quizizz, Kahoot yoki
ClassPointdan foydalanaman. Ularda ham Mentimeterdagi funksiyalarning (deyarli) barchasi mavjud.
Demak, treningdan asosiy tezis quyidagicha:
“Yaxshi dars — bu topshiriqlar to‘plami emas. Bu o‘quvchini o‘ylantiradigan, harakatga undaydigan va o‘z ustida ishlashga ilhomlantiradigan jarayon.”
Agar siz ham darslaringizni samaradorligini oshirmoqchi bo‘lsangiz:
• Warm-up mashqlarini qo‘shing
• O‘quvchilarga fikr bildirish imkonini bering
• Va eng muhimi — til o‘rganishni mustaqil, reflektiv va mazmunli jarayonga aylantirishga harakat qiling.
Yuqorida aytib oʻtilgan resurslarning qaysi biri haqida birinchi bo‘lib video darslik tayyorlashimni istaysiz? Fikringizni izohlarda qoldirishingiz mumkin.
📃 @murods_teaching