26-aprel – Muhammad Yusuf tug‘ilgan kun
TALABALAR MADHIYASI
Alp o’g’lonlar o’lkasi bu ko’hna Turon,
Qalqonlari,qanotlari ilm istang.
Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari ilm istang.
Tarixdan tushganda ham otdan tushmagan,
Ajdodingiz uy qurmagan- davlat qurgan
Yurti uchun yelkasida tog’lar surgan
Rustamlari,Farhodlari ilm istang.
Ko’z ochgandan kezib yetti bag’ri ummon,
Yetti tilda so’zlashgan biz tili biyron,
Vatanida Tojmahallar tiklar sulton-
Boburlari,Behzodlari ilm istang.
Haq yo’lida siz ilmning ummatlari,
Xalq yo’lida hidoyati,himmatlari,
Madad bo’lsin Yassaviyning hikmatlari
Bobo Mashrab bayotlari,ilm istang.
Ilm istang,izingizdan ibrat yog'sin,
Ixlosingiz,shahdingizdan shiddat yoqsin,
Ortingizdan mag’rur-mag’rur millat yoqsin-
Mulki Turon najotlari,ilm istang.
Alp o’g’lonlar o’lkasidir O’zbekiston,
Erkli elning qanotlari, ilm istang.
Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari,ilm istang.
✍️ Muhammad YUSUF
O‘zbekiston xalq shoiri