Surxondaryo viloyatini har tomonlama rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish hamda yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga joriy etishda joylardagi ilg‘or tajriba va bilim egalari — intellektual faollar hamda nuroniylarning fikr va mulohazalarini eshitish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatdagi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan intellektual faollar, yoshlar hamda ko‘p yillik tajribaga ega nuroniy faxriylar bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan bir qator muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Mazmunli va samarali muloqot yakunida viloyat taraqqiyoti uchun ustuvor bo‘lgan beshta yo‘nalish aniqlab olindi.
Shuningdek, mutasaddilarga ikki haftada bir marotaba intellektual faollar va faxriylar ishtirokida mazkur ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini muhokama qilish mexanizmlarini joriy etish topshirildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ishlab chiqarish, geologiya, turizm, tadbirkorlik va boshqa yo‘nalishlarda yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish, bu jarayonga ilm-fan va amaliyotda tajriba to‘plagan olimlar, mutaxassislar hamda intellektual yoshlarni jalb etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Surxondaryo.uz |
Telegram |
Facebook |
Instagram |
YouTube |
X