💻 “Abu Ali ibn Sino va zamonaviy farmatsevtikada innovatsiyalar” mavzusidagi VIII xalqaro ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi
Joriy yilning 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent farmatsevtika instituti hamda Ibn Sino jamoat fondi hamkorligida “Abu Ali ibn Sino va zamonaviy farmatsevtikada innovatsiyalar” mavzusidagi VIII xalqaro ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
Anjuman jahon tibbiyoti va farmatsevtikasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim va faylasuf Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni faollashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida oʻtkazildi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Koreya, Eron, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Isroil kabi davlatlardan mutaxassislar hamda 200 nafardan ortiq mahalliy olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, biologlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Anjuman aralash onlayn va oflayn formatda, yalpi va seksiyalar shaklida tashkil qilindi. Unda xorijiy davlatlardan 100 dan ortiq olim va ekspertlar o‘z ilmiy hisobotlari bilan qatnashdilar.
Anjumanda ilmiy ishlar quyidagi 6 yo‘nalishda muhokama qilindi:
1. Ibn Sinoning farmatsiyaga doir ta’limoti va zamonaviy xalq tabobati,
2. Innovatsion dori preparatlari, kosmetika va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqish,
3. Dori vositalarini standartlashtirish va farmatsevtik-toksikologik tahlillar,
4. Dorivor o‘simlik materiallarini o‘rganish va fitopreparatlar yaratish istiqbollari,
5. Tabiiy va sintetik birikmalardan dori vositalarining farmakologik tadqiqotlari,
6. Dori vositalarini yaratish, sotish va qo‘llash jarayonlarida farmakoiqtisodiyot masalalari.
Anjuman doirasida Qozog'istonning "Phyto-Apipharm" kompaniyasi, Xitoy bilan hamkorlikdagi "Xinjiang Shifo Farm" va Tojikistonning Ibn Sino va farmakologiya tibbiyot instituti, Isroil davlatining Xalqaro Ibn Sino fondi, O'zbekistonning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi oʻrtasida hamkorlik bitimlari imzolandi.
📩 ❤️ 👍
@toshfarmiofficial