Chizilmaganlar
Ba'zan o'ylab qolaman: balki hamma inson ham surat chizishga yoki chizilish uchun tug‘ilmagandir.
Ba'zi odamlar hech qachon hech kimning qog‘oziga tushmaydi. Ularning yuzlari chizilmaydi, so‘zlari esda qolmaydi, harakatlari hech qanday iz qoldirmaydi. Ular shunchaki shu yerda bo‘lishadi, lekin ularni hech kim sezmaydi.
Ba’zan men ham shular qatoridaman deb o‘ylayman.
Ba'zan menga ham go‘yo hech kim nigoh tashlamayotgandek, hech kim chizishga arziydigandek tuyulmaydi.
Go‘yo mening qog‘ozga tushadigan hech qanday ko‘rinchim yo‘qdek.
Ko‘rinmas odamlar
Ba'zi odamlar she’rga aylanadi.
Ba’zilari musiqaga.
Ba’zilariga filmlarda rol beriladi.
Ba’zilarining nomi tarix sahifalariga muhrlanadi.
Ammo yana boshqalar bor — ko‘rinmaslar.
Ular hech qanday she’rga ilhom bo‘lmaydi, hech qanday rassom ularning chehrasini chizmaydi, hech qanday bastakor ularga kuy bag‘ishlamaydi. Ular shunchaki bo‘lishadi. Lekin hech kim ularni chizmaydi. Men o‘sha odamlar haqida o‘ylayman.
Ularning ovozi odamlar ongida aks-sado bermaydi. Ular yulduzlar kabi yaltiramaydi. Ular tomchilar kabi yerga tushadi — ovozsiz, o‘tkazuvchan va tezda g‘oyib bo‘ladigan.
Ularning yuragi ham uradi.
Ularning qo‘llari ham narsalarni ushlaydi.
Ularning ko‘zlari ham har kuni osmonga qaraydi. Ammo hech kim ularni chizmaydi. Ehtimol, bu adolatli. Ehtimol, insonlar orasida hamma ham surat chizishga yoki chizilish uchun tug‘ilmagan.
Kimdir mukammal chiziladi — ingichka chiziqlar, ehtiyotkorlik bilan ishlangan detal va teran ifoda bilan.
Kimdir shunchaki qoralama sifatida qog‘oz chetida qoldiriladi.
Kimdir esa umuman suratga sig‘maydi.
Ba’zida o‘ylayman: menda qanday ranglar bor?
Qaysi rassom meni ko‘ra oladi?
Qaysi she’r men haqimda yoziladi?
Yoki hech qachon hech kim meni chizmaydimi? Yoki men shunchaki fonmanmi — boshqalar chizilishi uchun mavjud bo‘lgan rangsiz bo‘shliq?
Ko‘rinishning iloji bormi?
Ba’zan odam o‘zini sezilmayotgandek his qiladi.
Go‘yo u atrofdagi haqiqatga singib ketgandek.
Balki men ham shunday odamman.
Balki men hech qachon hech qaysi qog‘ozga tushmayman.
Balki men hech qachon hech kimning nigohida aks etmayman.
Lekin shu bilan nimadir yo‘qoladimi?
Axir, ko‘rinmas yulduzlar ham uzoq uzoqlarda porlaydi.
Faqat ular hech qachon chizilmaydi...
@palitralarimiz