O‘zbekiston U-17 terma jamoasi safida Osiyo chempioniga aylangan Hojiakbar Botiraliyev tantanali kutib olindi
Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan U-17 Osiyo chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo'lishdi
Mazkur g‘alabada o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan Namangan viloyatining Davlatobod tumanida istiqomat qiluvchi Hojiakbar Botiraliyev Hayrullo o‘g‘li bugun munosib kutib olindi.
Hojiakbar Botiraliyev – Namangan futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, ayni paytda Davlatobod tumanidagi 56-sonli umumta’lim maktabining faol o‘quvchilaridan biridir. U hozirda "Namangan FA" futbol jamoasining tarkibida to‘p surmoqda.
Davlatobod tumanida tashkil etilgan tantanali kutib olish marosimida tumandagi rahbarlar, nuroniylar, sport sohasining faxriylari, tajribali murabbiylar, yosh sportchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda sportga, ayniqsa yosh avlodning jismoniy va ma’naviy kamolotiga alohida e’tibor qaratilayotgani, sport inshootlarining zamonaviy tarzda jihozlanayotgani va yurtimiz yoshlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilayotgani haqida fikr bildirdilar. Jumladan, "Namangan FA" futbol akademiyasiga berilayotgan doimiy e’tibor va yaratib berilgan sharoitlar natijasida xalqaro maydonlarda yutuqlar qo‘lga kiritilayotgani e’tirof etildi.
Tadbir yakunida Hojiakbar Botiraliyev va uning ota-onasiga esdalik sovg‘alari topshirilib, uning kelgusidagi faoliyatiga omad va muvaffaqiyatlar tilandi.
Davlatobod tumani hokimligi Axborot xizmati
Sayt |
Telegram |
Facebook |
Instagram |
X |
YouTube |
Murojaat |
Guruh