Maktab o‘quvchilari ishtirokida sodir bo‘layotgan YTHlar muhokama qilindi
Namangan viloyati IIB YHXB hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbarlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida maktab o‘quvchilari ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini tahlil qilish va ularning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tashkil etildi.
Yig‘ilishda viloyatdagi barcha shahar va tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari, maktab direktorlar hamda bog‘cha mudiralari ishtirok etishdi.
Unda o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarning hayoti va sog‘lig‘ini asrash, ularni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishga o‘rgatish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligini ta’kidlandi.
Muhokamalar chog‘ida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi mavjud muammolar, o‘quvchilarning qatnov yo‘llarida duch kelayotgan xavf-xatarlar, maktab va bog‘chalarga yaqin hududlarda zarur infratuzilmaning yetarli emasligi haqida fikrlar bildirildi.
Shuningdek, YTHlar statistikasi tahlil qilinib, bolalar ishtirokida yuz berayotgan ko‘ngilsiz holatlar sabablari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida bolalarni YTHlardan asrash borasida maktab va bog‘chalarda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha targʻibot darslarini kuchaytirish, bolalarning harakat yo‘nalishlarini tahlil qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash uchun tegishli belgilarning o‘rnatilishi, piyodalar yo‘laklari va svetoforlar bilan ta’minlanishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Namangan viloyati IIB YHXB Axborot xizmati