Xitoyda yalpi talab bilan muammolar davom etmoqda. Savdo urushi esa bu jarayonni yanada tezlashtirishi mumkin.
Mart oyida Xitoyda eksportning o‘sishi tezlashib, import qisqarishda davom
etgan. Xususan, oy davomida 314 mlrd dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,4 foizga o‘sgan. Import hajmi esa 211,3 mlrd dollarni tashkil etib, 4,3 foizga qisqargan.
Joriy yilning ilk ikki oyida ham xuddi shunday tendensiya davom etayotgandi. Lekin eksport o‘sishi nisbatan past shakllanayotgan edi. Xususan, eksport yanvar-fevral oylarida 540 mlrd dollarni tashkil
etib, 2,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, import 369 mlrd dollarni tashkil etib, 8,4 foizga qisqargan edi. Bunda, importning qisqarishi asosan Yevropa ittifoqi (-5,6 foiz), Lotin Amerikasi (-15,4 foiz), Afrika qit’asidagi (-10,7 foiz) mamlakatlar bilan yuz bergan
bo‘lsa, hozir savdo urushi davom etayotgan AQShdan import 2,7 foizga o‘sgan.
Albatta, mart oyida AQSh-Xitoy o‘rtasidagi tariflar uqadar yuqori emasdi. Apreldan esa tariflar sezilarli oshadi. Bu o‘z navbatida mart oyida yuqori o‘sgan eksportga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Lekin bundan ham xavotirlisi o‘zi shundoq ham qisqarayotgan import yanada tezroq qisqarish ehtimoli yo‘q emas. Ya’ni birinchi 3 oylik ma’lumotlardan ko‘rish mumkinki, Xitoyda o‘zi shundoq ham yalpi talab bilan muammolar mavjud edi. Savdo urushining keskinlashishi esa yalpi talab qisqarishini yanada tezlashtirishi turgan gap. Bu jarayon tabiiyki mamlakatimizga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi.
2024 yilda Xitoyga jami eksportimiz 2,1 mlrd dollarni tashkil
etib, oldingi yilga nisbatan 16 foizga qisqargan. 2023 yilda esa eksportimiz 2,5 mlrd dollarni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 5,6 foizga qisqargan edi. Ta’kidlash kerakki, Xitoyga eksportning qisqarishi joriy yilda ham davom etmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida Xitoyga eksportimiz 304 mln dollarni tashkil
etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 13,1 foizga qisqargan.
2024 yilda Xitoyga asosiy eksport tovarlarimiz mis (bojxona kodi 7403) - 749 mln dollar (umumiy eksportdagi ulushi 40,5 foiz), ip-kalava (5205) - 514,7 mln dollar (ulushi 27,8 foiz), sabzavotlar (0713) – 126,3 mln dollar (ulushi 6,8 foiz), Sabzavot sharbatlari va ekstraktlari (1302) – 54,9 mln dollar (ulushi 3 foiz) kabi mahsulotlar
bo‘lgan.
Comtrade bazasida gaz eksporti qaysi mamlakatga amalga oshirilayotganligi ko‘rsatilmagan, shu sababli 2024 yildagi 628 mln dollarlik gaz eksporti Xitoyga eksport sifatida emas, balki ko‘rsatilmagan davlatlarga eksport sifatida ko‘rinadi.
Xitoyda o‘zi shundoq ham pasayayotgan talab savdo urushi natijasida tezlashi ehtimoli yuqori. Bu esa Xitoyga eksportimiz qisqarishini yanada tezlashtirishi, import esa Xitoydagi ortiqcha taklif hisobiga tezroq o'sishini kutish mumkin. Bu o‘z navbatida eksporti Xitoyga bog‘liq sektorlarda (gaz yoki misdan boshqa) eksport bilan turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarsa, Xitoy tovarlariga raqobatbardosh sektorlarda kutilmagan qo‘shimcha raqobatning paydo bo‘lishiga olib keladi.
@Mirkonomika