🇺🇿 Yosh bolalarga arzon dofamin
Maktab yoshida 2 ta farzandim bor, biri 6-sinf va ikkinchisi 2-sinf. Ular TikTok, Instagram, Youtube Shorts, Roblox, Minecraft va boshqa arzon dofamindan to‘liq yoki qisman chegaralangan. Ota sifatida o‘zimning tajribam bilan bo‘lishmoqchiman.
🇷🇺 Пост на русском языке
Arzon dofamin nima o‘zi u?
Instagram-u TikTokdan yoki Telegramdan video ko‘rib zavqlanasizmi? Bu o‘sha, organizm tomondan ajratilgan dofamin garmoni. Dofaminni boshqa yo‘l bilan ham olish mumkin:
- Sportda g‘olib bo‘lish;
- Maktabda yaxshi baho olganda, o‘qituvchi maqtovi;
- Qilgan ishingizni odamlar yaxshi deb tan olishi;
- Maqola yozib yaxshi sharhlar olsangiz;
- Shunchaki uy ishlarini qilib bo‘lganda.
Yuqorida aytilgan ishlar yaxshigina kuch va vaqt talab qiladi. Miyamiz esa biladi, shunchaki cho‘ntakdan telefonni chiqarib 10 soniyada dofamin olish mumkin. Ritorik savol - qaysi biri yengil? Shu tariqada dofamin tuzog‘iga osongina tushib qolish mumkin.
Farzandlarim Youtube yoki Roblox o‘yini o‘ynash faqat shanba kun va uy ishlarini qilishadi va o‘zlarini kitobidan parcha o‘qib gapirib berganidan keyin beriladi. Bo‘ldi! Hafta davomida hech qanaqa arzon dofamin yoq. Televizorda multfilm yoki kino ko‘rishi mumkin. Bo‘sh qolganida, kitob o‘qib, rasm chizib va o‘rtoqlari bilan o‘ynashini rag‘batlantiraman.
Katta farzandim maktabga telefon olib yuradi. Kichik sinf bo‘lganida, qo‘lida soat-telefon ishlatar edi. Kichik o‘g‘limga, hozircha biron uskuna berishga ehtiyoj yoq, o‘zimiz olib borib kelamiz.
Katta farzandimning telefoni - eskiroq iPhone. iPhone’da ‘Screen time’ va ‘Family Apple ID’ juda yaxshi ishlaydi. Misol uchun, xar bir ilova kuniga necha soat ishlashi mumkin, ruxsat berilgan veb saytlar ro‘yxati, ilova o‘rnatish va shunga o‘xshagan kabi narsalarni o‘zimni telefonimdan boshqara olaman. Agar biron ilovaga qo‘shimcha vaqt kerak bo‘lsa, meni telefonimga xabar keladi, ruxsat bersam ishlaydi. Xiaomi Android telefonida buni eplay olmadim.
Katta farzandimga bir kunda 15 daqiqa Telegramga kirish ruxsat berilgan, Youtube va internet brauzer to‘liq chegaralangan. Xohlar edim brauzerni ochib qo‘yishga lekin dofamin saytlarni tez topib oladi.
Telegramga kuniga 15 daqiqa ruxsat berilgan sababi, sinfdoshlari bilan qisqa muddat bo‘lsa ham yozishadi, u bu narsa ko‘radi. Ijtimoiy aloqada bo‘lishi, kelajak uchun muhim deb o‘ylayman.
Hozir ChatGPT ham telefonida o‘rnatilgan, darslarni tushunmagan joyini so‘rab turadi. Aytib qo‘yganman, ChatGPT bergan ma’lumot har doim ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin deb.
Bir tomondan qattiq otadek ko‘rinaman lekin bu meni tarbiya yo‘lim. Yosh bolalar xar xil, hammani bir qolipga solib bo‘lmaydi. Men farzandlarimni chegaralash yo‘lini tanladim.
O‘zimni yoshligim esimda. 1999-yil otam Playstation-1 sotib olib berdilar. Kecha-yu kunduz tinmay o‘yin o‘ynar edim. Lekin o‘yinlarni tez oxiriga borib, zerikib qolar edim. Hozirgi o‘yinlar internet bilan bog‘liq bo‘lgani uchun o‘yindan hech chiqib keta olmaysiz, har kuni bellashuv va yangilik bor. Hozirgi o‘yinlarni yana bir mexanikasini sezganman. Agar har kuni o‘yinga kirsa, bal beradi. Farzandim, dada 5 daqiqa o‘yinni ochib bering deydi tez.
Meni fikrim, TikTok, Youtube Shorts, Instargam Reels bu 21-asr narkotigi deb hisoblayman. Farzandlarimiz nimani ko‘ryapti, qaysi ma’lumotni iste’mol qilyapti va qaysi saytda ko‘p vaqt o‘tkazayotganini tekshirish biz ota-onalarni mas’uliyati.
Meni qiynayotgan savollar:
- Hozir chegara qo‘yganim kelajak uchun qanday ta’sir ko‘rsatadi?
- TikTok, Youtube Short va shunga o‘xshagan dofamin generatorlarni ko‘p ko‘rish zararini tushuntirish ishlarini olib boraman. Lekin bu yetarlimi?
- ChaGPTni bolalar telefonida bo‘lishi to‘g‘rimi?
Ota-onalar, tajribangiz bilan bo‘lishing.
Undan tashqari kanalimda faol va yutuqqa erishgan yoshlar ancha ko‘p. Sizlarda qanaqa fikr?
-----
--
@farkhod_com