#Maqola
#AI
Ulkan hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilayotgan sun’iy intellekt mavjud bo‘lmagan
ilmiy atama bilan zararlangani aniqlandi. Bu so‘zlar to‘plami allaqachon OpenAI va Anthropic sun’iy intellekt ma’lumotlar bazalariga kiritilgan.
Gap "vegetativ elektron mikroskopiya" (vegetative electron microscopy) degan soxta atama haqida bormoqda. U 1959-yilda Bacteriological Reviews jurnalida chop etilgan va keyinchalik raqamlashtirilgan bakteriyalarning hujayra devorlari haqidagi maqoladan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Maqoladagi ustunlarning joylashuvi raqamlashtirish dasturini chalkashtirib, bir ustundagi "vegetative" so‘zini boshqasidagi "electron" so‘zi bilan aralashtirib yuborgan.
Uning paydo bo‘lishining yana bir nazariyasi tarjima xatosiga bog‘liq. "Vegetativ elektron mikroskopiya" iborasi 2017 va 2019-yillarda Erondan chiqqan ikkita ilmiy maqolada (ingliz tilidagi izohlar va annotatsiyalarda) uchragan. Bunga fors tilidan tarjima qilishdagi xatolik sabab bo‘lgan: "vegetativ" va "skanerlash" so‘zlari fors yozuvida bir nuqta bilan farqlanadi, skanerlovchi elektron mikroskopiya esa haqiqatda mavjud usul. Tadqiqotchilarning fikricha, xato atamaning paydo bo‘lishi uchun bitta nuqtaning tushib qolishi kifoya qilgan.
Hozirgi kunda "vegetativ elektron mikroskopiya" 22 ta maqolada uchraydi. Ulardan birini mualliflar Springer Nature jurnalidan chaqirib olishga majbur bo‘lishgan, ikkinchisiga esa tuzatish kiritilgan.
Neyrotarmoqlarni "vegetativ elektron mikroskopiya" bilan zararlashning ehtimoliy manbai sifatida 250 milliondan ortiq veb-sahifa va petabaytlab ma’lumotlarga ega bo‘lgan CommonCrawl ma’lumotlar to‘plami ko‘rsatilmoqda. Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab modellar, agar ularga ilmiy maqolalardan parchalar taklif qilinsa, ularni mavjud bo‘lmagan atama bilan dadil davom ettirmoqda.
"Anthropic kompaniyasining GPT-4o va Claude 3.5 kabi yangi sun’iy intellekt modellarida ham xatolik saqlanib qolganini aniqladik. Bu shuni anglatadiki, ma’nosiz atama endi sun’iy intellekt bilimlar bazasiga doimiy ravishda o‘rnashib qolgan bo‘lishi mumkin," deb ta’kidlashmoqda tadqiqotchilar.
@doktorantlarofficial
@doktorantlarofficial_group