GʻALABA MUBORAK!
Alining maydoni… Mardlar o‘yini —
Futbol halollikni sevadi, ukam!
Ruhingni tushirma, bosh hakam mayli
Raqibingning yaqin do‘sti bo‘lsa ham!
Hovuchimda yurak, bo‘g‘zimda nafas...
Iltijom, o‘t olsin ko‘ksingdagi or!
Jon bolam, jon ukam, bo‘sh kelma birpas...
Dorboza ortida O‘zbekiston bor!
Safingiz kamaydi. Afsus... Chekma g‘am —
To‘qqiz alp shahdida so‘nmasa bas o‘t.
Parvozda qanoti shikast yesa ham,
Cho‘qqiga yetguncha uchadi Burgut.
Bu dunyo zo‘rniki. Ortda qolma, o‘z!
Tomringda g‘oliblik shahdi ila qalq!
Qara, qanday sharaf! Senga tikar ko‘z
Gʻalabangga intiq o‘zbek degan Xalq!
Yurtning tuzi haqqi Sen yutding halol!
Gʻoliblik shavqidan titraydi yurak.
Jasorat ramzisan, topmagin zavol,
Vatan nomin tutgan zafar muborak!
Matonat sinmagay kuch bersa o‘zlik,
Har joyda mardlik naqd... Gʻirrom nasiya.
Shohsupangga oyoq qo‘ymoqda O‘zbek
Seni ham qutlayman, bugun Osiyo!
Qo‘chqor NORQOBIL