Yolgʻon koʻringanidek badbashara emas
Yolgʻon – bu soch turmagi singari, har kim uni oʻz didiga moslashtiradi. Baʼzilar uni mukammal tekislab yuradi, baʼzilarga esa dagʻal, taroqdan qochgan holi koʻproq yarashadi. Lekin haqiqat shuki, yolgʻon har doim mavjud va u hech qachon orqaga qaramaydi.
Unga har xil nom berish mumkin: diplomatiya, marketing, motivatsiya, hatto pragmatizm. Faqat hech kim uni oddiy "yolgʻon" deb atashni istamaydi. Sababi nima? Chunki yolgʻon yomon koʻrinadi. Lekin haqiqat shundaki, u aslida anchagina chiroyli. Yaxshilab pardozlangan yolgʻon – bu jamiyatning eng bejirim sanʼati.
Yolgʻon ham o‘zicha sanʼat
Haqiqat shafqatsiz. U hamma yoqqa tekis tarqalmaydi, hammani ham xursand qilmaydi. Yolgʻon esa elastik. Kimga qanday yoqsa, shunday shaklga kirishi mumkin. Aynan shuning uchun u hayotimizda bu qadar keng qoʻllanadi.
Masalan:
Jilokor yolgʻon: “Sen menga ishonishing mumkin” (Ishonmang).
Qoʻrqoq yolgʻon: “Men bunday qilganim yoʻq” (Lekin muammo chiqarishni ham istamayman).
Tejamkor yolgʻon: “Hamma gapni gapirish shart emas” (Qoʻlimdan kelganicha haqiqatni kesib tashlayman).
Ijodkor yolgʻon: “Bunday holatda mening qoʻlim bogʻliq” (Lekin aslida kalit ham, qulf ham menda).
Eng qizigʻi, yolgʻon koʻpincha odamlarning maqsadiga erishishiga yordam beradi. Haqiqatni tan olib, ishdan boʻshatilgan odam bilan yolgʻon aytib, lavozimga koʻtarilgan odam oʻrtasida farq bormi? Albatta bor. Biri printsiplarga sodiq qoldi, ikkinchisi esa printsiplarga “yangi talqin” berdi. Natija esa aniq – qaysi biri oshqozoni toʻqroq yashaydi?
Agar haqiqat reklama agentligida ishlasa, ochdan oʻlardi. Chunki u hech kimga yoqadigan soʻzlarni ishlata olmaydi.
Haqiqat
“Bu kiyim senga yarashmaydi”
“Sen semizsan”
“Sening loyihang bir tiynga qimmat”
Yolgʻon
“Bu kiyim huddi siz uchun tikilgandek”
“Siz juda haybatlisiz”
“Ajoyib loyiha, lekin biroz yaxshilash mumkin”
Kim yutadi? Yolgʻon. Chunki u yumshoq va yoqimli. Haqiqat esa xuddi qaynagan shoʻrvadagi toshdek – ogʻzingizga tushib qolganda laʼnat oʼqishga majbursiz.
Lekin eng achinarlisi, odamlar yolgʻonning “haqiqat ekanligi”ga ham tezroq ishonishadi. Masalan, “Millioner boʻlish oson”, “Har kim muvaffaqiyat qozonishi mumkin”, “Hamma narsa yaxshi boʻladi” kabi gaplarni qanchalik koʻp eshitamiz? Va ularga qanchalik ishonamiz?
Shuning uchun haqiqat achchiq boʻlsa ham, u shunchaki ogʻizda qoladi. Yolgʻon esa hayotga aylanadi.
Kim haqiqat bilan yashashni bilmasa, yolgʻon ham unga foyda bermaydi
Yolgʻonning oldida ikki tanlov bor: uni yo qabul qilasan, yo unga qarshi kurashasan. Qabul qilsang – sen ham oʻyin qoidalarini oʻzlashtirgansan. Kurashsang – bunday qilayotgan yagona odam ekanligingni tushunasan.
Dunyoda “yolgʻon yutqazadi” degan yolgʻon bor. Faqat haqiqatni eslash lozim: yolgʻon hech qachon oʻzini yoʻqotmaydi, u shunchaki uslubini oʻzgartiradi. Shuning uchun ham uni yutish emas, uni tushunish kerak.
Oxirida baribir hammasi oddiy: haqiqatdan qochib boʻlmaydi, lekin yolgʻonni ham inkor qilib boʻlmaydi. Shunchaki, ular qaysi holatda qanchalik samarali ishlashini tushunish kerak.
Soul Rabels