****
Shamollar o‘ynagan tuproq zarrasi,
Yoki yonib bitgan daraxt kuliman.
Qadamim yetgan joy - gunoh darasi,
Iblisdan rang olgan zulmat quliman.
Hech bo‘yin egmadim ko‘ngil amriga,
Garchi qalbim aql o‘rgatgani rost.
Gohi qo‘l siltadim bari-bariga,
Ko‘ksimda vulqondek to‘lg‘onar qasos.
Oyoq bossam maysa tikondek botar,
Bo‘g‘zimga tiqilar olgan nafasim.
Tunlari qo‘ynimda ilonlar yotar,
Qo‘rquvdan hayqirsam, chiqmaydi sasim.
Quyosh neligini unutib qo‘ydim,
Tirikjon achinmas mening qadrimga.
Onamning bag‘riga armonlar uydim,
Dunyoga keltirib qoldi jabrimga.
Padarim qadrini tuydim juda kech,
Taskin beraolmas menga hech mujda.
Farzandlik burchimni oqlamadim hech,
Otam haligacha yurar xorijda.
Hayotdan topganim faqat pushaymon,
Farzimning hech birin etmadim ado.
Doim shayton aytgan yumushga shayman,
Bu yuk bilan qanday yashayman, Xudo!
Taqdir nayranglarin bir bor ko‘rmayin,
Qabrimga kirib jim yotgim keladi.
Bir kuni abadiy botmog‘im tayin,
Bir bora tong bo‘lib otgim keladi.
✍️ Muallif: Quddus Asad
😍 SamDU Urgut filiali Axborot xizmati
🌐 Samduuf.uz ✅
Telegram ✅
Facebook 📹
YouTube 🌐
Instagram