Muammoning bir qirrasi
– 2024-yil, 26-noyabr. Birlashgan Arab Amirliklarida yahudiy ruhoniysi Svi Kogan o’ldirildi.
BAA politsiyasi ravvin o’limida gumon qilib, 3 nafar o’zbekistonlik: 28 yoshli Olimboy Tohirovich, 28 yoshli Mahmudjon Abdurahim va 33 yoshli Azizbek Komilovichni qo’lga oldi. Bir muddat o’tib, sud ularni o’lim jazosiga hukm qildi.
– 2024-yil, 17-dekabr. Rossiyalik general Igor Kirillov va uning yordamchisini o‘ldirganlikda gumonlanib, 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov qo‘lga olindi. Tergov natijasida Qurbonov bu ishni 100 ming dollar va Yevropa passporti uchun qilganini tan oldi.
– 2025-yil, dekabr. Suriyada 11 kunda prezident Bashar Asadni hokimiyatdan ag’dargan qurolli islomiy muxolifat yurishida o’zbek tilida so’zlashuvchi o’nlab (kamida) jangarilar ko’rinish berdi.
– 2025-yil, 20-aprel. Dubaydagi ikki o’zbek jinoiy guruhi (asosan yoshlardan iborat) o’rtasida yirik pichoqbozlik. Politsiya 40 kishini ushlagan, janjalda bir kishi vafot etgani aytilmoqda.
…
Bugun axborotni chegaralab bo’lmaydi. Shunday zamonda endi terakt, yirik qotilliklar sodir etilarkan, u haqda soniyalarda dunyoning turli nuqtalaridan turib xabar topish mumkin. Yuqorida eslaganim, oxirgi bir necha oy voqealari esa xalqaro matbuotda o’zbek nomi bilan bog’lab yozilgan ishlar.
Afsuski, bu kabi qotillik va teraktlar sabab nafaqat mamlakat imidji pasaymoqda, (BAAga vizasiz rejimning bekor bo’lish xavfi ilk ko’rinish) balki, bora-bora O’zbekistonni Afg’oniston yonidagi, radikalizm rivojlangan, pul uchun terrorchilikka tayyor yoshlar yetishadigan mamlakat sifatida ko’rish, tanish boshlangan bo’lishi mumkin.
Terrorchining millati yo’q, deyishadi, lekin teraktlar tez-tez bir millat bilan tilga olinarkan, u endi millat nomiga doimiy bog’lana boshlaydi (yuqoridagi keyslardan kelib chiqilsa, bizda bu muammo allaqachon mavjud).
Bugun dunyoda sodir etilayotgan turli qotillik va teraktlarda o’zbekistonlik yoshlar ishtiroki oshib borarkan, ko’rinadiki,
– o’zbek ta’lim tizimi o’ta jiddiy nuqsonlar bilan ishlamoqda. U maqsadi sifat bo’lgan butkul qayta qurishga muhtoj;
– tarbiyada ota-ona, maktab, o’rta va oliy ta’lim, ruhshunos hamda boshqa institutlar hamkorligida, samarali ishlaydigan tizim zarur;
– yoshlarning dinni to’g’ri aglashi, bu yo’lda qonuniy ta’limga imkoniyatni kengaytirish borasidagi siyosat butunlay qayta ko’rilishi kerak;
– dunyoda analogi yo’q, deya maqtaniladigan o’zbek ma’naviyat tizimi o’zini oqlamadi. Ayni tizim uchun ajratilayotgan milliardlab mablag’, kuch va resurslar to’liq auditdan o’tkazilishi kerak;
(bu yo’nalishdagi doimiy qo’shib yozish (samarasiz tadbirlar) va hamma bir-birini aldaydigan hisobotlar bizni shu nuqtaga olib keldi)
– yoshlarni mamlakatning o’zida ishli qilish bo’yicha hukumatga korrupsiya, qo’shib yozishdan holi, ish navbatdagi yangi vazirlikni ochish bo’lmaydigan, yirik dastur zarur;
– umuman, yoshlar bilan juda katta budjet resurslari va imkoniyatlar sarflanayotgan lekin samarasi past hukumat tuzilmasi (agentlik) orqali ishlashdan (kamiga boshqaruvi tez-tez o’zgaradigan) voz kechish va jarayonni samarali ishlaydigan nodavlat notijorat tashkilotlarga topshirish;
– yoshlarning davlat idoralariga ishga joylashishi va mehnat faoliyatida har tomonlama o’sib borishini ta’minlaydigan adolatli tizim (meritokratiya)ni yo’lga qo’yish;
….
Xudo ko’rsatmasin-u, yuqoridagi kabi hal etilmayotgan muammolar yoki foydalanayotganimiz, buzuq tizimlar hali o’zbek nomini tashiydigan ko’plab terrorchilarni chiqarishi xavfi yuqori. Shaxsan men hukumatdan bunga qarshi kuchli choralarni ko’rmayapman.
@haqiqatdaIlyos