Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayevning telegramdagi rasmiy kanali orqali “Toshkent metrosidagi tig‘izlik muammosi — tizimli yondashuv zarur” nomi ostida
xabar qoldirilgan.
Ushbu material yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK quyidagilarni ma’lum qiladi:
Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda jamoat transporti, shu jumladan, metropoliten tizimini rivojlantirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Toshkent metropolitenining qariyb 40 yil mobaynida bekatlar soni 29 tani va umumiy uzunligi 38 kmni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi 6 yil davomidagi bunyodkorlik ishlari hisobiga qo‘shimcha 33 km metro yo‘nalishlari va 21 ta yangi bekatlar qurib, foydalanishga topshirildi. Buning natijasida metropoliten bekatlari soni jami 50 taga hamda yo‘nalishlar uzunligi 71 kmga yetdi.
Buning natijasida, 2021-yil bir kunda 280-300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatgich 920-930 mingni tashkil qildi va bugun bu son bir kunda 1 mlndan ortmoqda.
Yo‘lovchilar sonining ortib borishi sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarni oldini olish hamda yo‘lovchilarning bir manzildan boshqa manzilga borish vaqtlarini qisqartirish maqsadida so‘nggi 3 yilda tig‘iz vaqtda (07:30 dan 09:00 gacha) harakat tarkiblarining yo‘lovchi tashish bo‘yicha oraliq vaqti (interval) qisqartirildi. Jumladan:
🔹2021-yilda Chilonzor yo’nalishida 5 daqiqa( 16 ta poyezd ishlagan) bo’lgan bo’lsa, bugun 1,5 daqiqa (28 ta poyezd harakatlanmoqda);
🔹2021-yilda O’zbekiston yo’nalishida 6 daqiqa( 9 ta poyezd ishlagan) bo’lgan bo’lsa, bugun 3 daqiqa (16 ta poyezd harakatlanmoqda);
🔹2021-yilda Yunusobod yo’nalishida 11 daqiqa( 6 ta poyezd ishlagan) bo’lgan bo’lsa, bugun 4 daqiqa (11 ta poyezd harakatlanmoqda);
🔹"O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi yer usti halqa yo'li" yo‘nalishi – 12 daqiqadan (5 ta poyezd ishlagan) 9 daqiqaga (11 ta poyezd ishlamoqda) tushirilgan.
2021-yilgacha 36 ta poyezd harakatlangan bo‘lsa, so‘nggi 3 yil davomida zamonaviy turdagi 41 ta yangi harakat tarkiblari harid qilinib, 2025 yilga kelib, poyezdlarning soni 75 tadan ortdi.
Shuningdek, 2025-yil davomida yana qo‘shimcha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini harid qilish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi.
Shu bilan birga hurmatli yo‘lovchilarimiz metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini so‘raymiz. Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.
Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yo‘lovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat ko‘rsatishda o‘z hissangizni qo‘shasiz degan umiddamiz.
Shu o‘rinda, bu mavzuga to‘xtalgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayevga bu sohaga beeʼtibor bo‘lmaganligi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Shuningdek, sohada mavjud kamchiliklarni chuqur o‘rgangan holda tizimni yanada rivojlantirish takliflarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va "Toshkent metropoliteni" DUK mas’ul rahbarlaridan iborat ishchi guruh tuzilishini so‘rab qolamiz.