26-aprel – Muhammad Yusuf tug‘ilgan kun
YUR, MUHABBAT…
Oy yuzidan nur yog‘di sim-sim,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan.
Shirin tushlar ko‘rsin sevgilim,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…
Biz ketsak yer kengayib qolar,
Osmonlar ham enkayib qolar.
Bir qora ko‘z jilmayib qolar,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…
Na qildim, ey yuzlari zebo,
Aybim na deb so‘rama aslo.
Bu dunyo shundayin bevafo,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…
Sevgi dilda yashnagan chechak,
U biz bilan qayda yashasak.
Ne qipdi bir qizga yoqmasak?
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan!
✍️ Muhammad YUSUF
📍 Bizni kuzating 👉 @pdhuz