Darsda Toj Mahal, Iron Man va hayvonlar fermasi: bu qanaqasi?
Bugungi DRLFL (Digital Resources for Learning Foreign Languages) mashg‘ulotimizda biz talabalar bilan ta’lim jarayonida hali keng qo‘llanilmayotgan, ammo katta imkoniyatlarga ega texnologiya — AR texnologiyasiga asoslangan
3DBear ilovasini sinab ko‘rdik.
AR (Augmented Reality) — kengaytirilgan reallik boʻlib, real muhitga virtual obyektlarni joylashtirish imkonini beradigan texnologiya. Oddiy qilib aytganda, telefon kamerasi orqali atrof-muhitga 3D obyektlarni “joylash” mumkin.
Talabalar bugun AR orqali:
– Toj Mahalni kampusimizga olib kelishdi;
– Gandini gavdalantirishdi;
– Iron Man (Temir odam) bilan suratga tushishdi;
– 3D hayvonlar yordamida kichik ferma yaratishdi.
Bu texnologiya bilan ular birinchi bor tanishib, qanday ishlashini tushundilar (umid qilaman 😄) va uni kelajakdagi darslarda qanday ijodiy tarzda qo‘llash mumkinligi haqida tasavvur hosil qilishdi.
Xo‘sh, AR dan ta’limda qanday foydalanish mumkin? Quyidagi keyslar bunga misol bo‘la oladi:
– Tarix darsida — qadimiy inshootlarni 3D formatda jonlantirish;
– Biologiyada — inson tanasi yoki hayvonot olamini modellashtirish;
– Fizika va kimyoda — murakkab jarayonlarni vizualizatsiya qilish;
– Ona tili va adabiyotda — hikoyalarni va obrazlarni jonlantirish;
– Ingliz tili va boshqa chet tillari darsida esa — so‘z boyligini oshirish, og‘zaki nutqni rivojlantirish, hikoya yaratish, hatto role-play orqali mavzularni jonlantirish.
Shuningdek, biz bu AR ilovani ochiq havoda sinab ko‘rdik — talabalar 3D obyektlar bilan ishladilar, surat va videolar oldilar hamda texnologiyaning imkoniyatlarini amaliy tarzda his qildilar.
📸 Quyidagi videolarda bugungi mashg‘ulot orqali “boʻlajak o‘qituvchi”larimizning bu texnologiyadan qanday ilhomlanayotganini ko‘rishingiz mumkin.
Tasavvur qiling, agar bu texnologiya universitet muhitida shuncha ijodkorlik va ishtiyoq uyg‘otayotgan bo‘lsa —maktab o‘quvchilariga qanday ta’sir qilishi mumkin.
AR texnologiyasini o‘z darslaringizda qanday tasavvur qilasiz? Izohlarda fikringizni yozib qoldiring!
📃 @murods_teaching