Agar hayot shu boʻlsa...
Restoranlar...
Barlar...
Musiqa...
Sassiq uryon boldirlar...
Toslar...
irkanch lablar...
Sigaretalar...
Harom-harish oʻpishlar...
Nahslar...
Shu hayotmi!..
Xiyonatlar...
Hasadlar...
Kinlar...
Siyosatlar...
Fitnalar...
Qonlar...
Gʻijimlangan tund qosh-qabogʻlar...
Tirsillagan siynalar...
Raqslar...
Bu nokaslar...
Bu baland-pastlar...
Shu hayotmi!..
Yiltillagan yuzlar...
Hovuzlar...
Shir yalangʻoch shahvoniy qizlar...
“Valet”, “Dama”, “Korol”lar, “Tuz”lar...
Mulozimlar...
Harom jiz-bizlar
Shu hayotmi!..
Dangʻillagan saroylar, koʻshklar,
oʻrkach-oʻrkach yelkalar toʻshlar,
oʻrgatilgan koʻppaklar qushlar,
it yotishlar, mirzaturishlar...
Shu hayotmi?!
Bir qoʻshnisi ochidan oʻlgan,
bir qoʻshnisin tomi toʻkilgan,
birin qaddi yetmish bukilgan,
oʻzi qonlar ichib quturgan...
Shu hayotmi?!
Bir koʻchada gadolar lak-lak...
Bir koʻchada “Toʻylar muborak!”
Birin oshi - ushogʻu turshak...
Birida yoʻq na nonu namak...
Shu hayotmi?!
Birovining xotini ajdar...
Birovi xas-xashakdan battar...
Birovi bu dunyoni qargʻar...
Birovi bu dunyoni yamlar...
Shu hayotmi?!
Bilolmadim, ey gʻarib boshim,
Bilmam, qirqqa kirdiyu yoshim...
Agar hayot shu boʻlsa tikka
tupurdim men uning betiga...
Asqar Mahkam