Bugun, 19-martda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvi
bo‘lib o‘tdi.
Unda sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paydi. Ularda 10,5 million odam daromad topib, ro‘zg‘or tebratayotgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, quyidagi o‘zgarishlar e’lon qilindi:
⏺ Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trillion so‘m resurs beriladi;
Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi.
Shundan 2,5 trillion so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi.
⏺ Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi.
⏺ Bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga banklarda taqdim etilayotgan 300 mln so‘mgacha kreditning 150 mln so‘mi garovsiz beriladi.
Xuddi shunday, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
⏺ Bu yil kichik va o‘rta biznes loyihalari infratuzilmasiga ajratilishi belgilangan 1 trillion so‘mga qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi.
⏺ Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilinadi.
⏺ Fermerlar uchun ham muhim yangilik – soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari bugun muhokama qilingan, tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari o‘rin olgan farmonni imzolashini, uning yengilliklari bugundan qo‘shimcha hujjatlarni kutmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliyotga kiritilishini bildirdi.
Telegram |
Facebook |
Instagram |
Youtube