Bugun rahmat eshitamiz (ko‘z va umurtqalarimizdan)
Ko‘p kitobxonlarning bir muammosi bor – kitob tanlash. Bu borada ular juda e’tiborli bo‘ladi, har bir detal inobatga olinadi, buni turmush o‘rtoq tanlashga mengzash mumkin (agar ba’zilarda undan-da jiddiyroq mezonlar bo‘lmasa, albatta). Buning hammasi yaxshi mutolaa ishtiyoqidan.
Ming chig‘iriqdan o‘tib, kerakli kitob tanlandi, deylik. Endi yanada yoqimli mutolaa uchun yaxshi va eng asosiysi, to‘g‘ri sharoit yaratish kerak. Ishtiyoqni uchqun desa, qulay sharoit uni alangaga aylantiradi.
Quyidagi yo‘riqnoma kitobqurtlari uchun – kitobni to‘g‘ri sharoitda o‘qish bo‘yicha mini-yo‘riqnoma.
Yoritish
Yorug‘lik chap yoki yuqori yon tomondan tushsin (o‘ng qo‘llar uchun). Juda kuchli yoki juda xira bo‘lmasin. Yoritkich ko‘zga emas, kitobga yo‘naltirilishi kerak.
Masofa
Muhabbatda ham ba’zida masofa bo‘lishi kerak – kitobni ko‘zdan 30–40 sm uzoqlikda tuting. Juda yaqin olib o‘qish — ko‘zni charchatadi, uzoq mutolaada esa hushyorlikni susaytiradi.
Pozitsiya
Yotib emas, tik o‘tirgan holda o‘qish eng yaxshi variant. Orqa va bo‘yinni qiyshiq tutish umurtqaga zarar yetkazadi. Stol-stul yoki maxsus o‘qish kreslosi ishlating – bu ideal variant.
Tanaffuslar
Har 30–40 daqiqada bir marta 5 daqiqaga ko‘zga dam bering. Uzoqqa (masalan, deraza ortidagi daraxtga) qarab, ko‘z mushaklarini bo‘shashtiring.
Muhit
Shovqinsiz, sokin muhitda o‘qish fikrni jamlashga yordam beradi. Agar siz tez chalg‘iydiganlardan bo‘lsangiz, devayslarni uzoqroqqa qo‘yish tavsiya etiladi, lekin agar orqa fonda musiqa bilan kitob o‘qishni yoqtirsangiz, Instagram sahifamizda siz uchun
video tayyorlaganmiz (obuna bo‘lish ham esdan chiqmasin).
Ichimlik
Bu e’tiborsiz qoldirmaslik kerak bo‘lgan jihat – mutolaa paytida organizmni suvsiz qoldirmang. Ko‘zni quritmaslik uchun yetarlicha suyuqlik ichish ham foydali.
Sahifalarimizga ulaning va ulashing👇
Telegram |
Facebook |
Instagram |
YouTube |
X