👞 Mahsulot yoqmadimi? Qanday qilib pulni qaytarish mumkinligini tushuntiramiz
Ba’zida biror narsa xarid qilasiz-u, keyin afsusda qolasiz — yo yoqmaydi, yo mos kelmaydi. Yaxshiyamki, bunday holatlar uchun qonun bor: xaridni muayyan shartlarda qaytarish mumkin. Qanday hollarda bu mumkin, nima qilish kerak va qanday huquqlaringiz borligi haqida batafsil gaplashamiz.
Nimani qaytarib bo‘ladi, nimani bo‘lmaydi?
Mahsulotni qaytarish borasida birinchi navbatda shuni bilish kerakki, hamma narsani ham do'konga qaytarib bo‘lmaydi. Masalan, ichki kiyim, kosmetika, dori-darmon, tish cho‘tkasi kabi shaxsiy gigiyena buyumlari
qaytarilmaydi. Shuningdek, siz uchun alohida buyurtma asosida tayyorlangan narsalarni ham qaytara olmaysiz.
Ammo kiyim-kechak, poyabzal, idish-tovoq, uy-ro‘zg‘or buyumlari, maishiy texnika kabi ko‘plab mahsulotlar qaytarilishi mumkin — agar ular ishlatilmagan bo‘lsa,
birka va plombalari o‘z holicha qolgan bo‘lsa. Agar futbolkaning birkasini olib tashlagan yoki uni bir dazmollab ko‘rgan bo‘lsangiz — endi uni qaytara olmaysiz.
Yoqmagan mahsulotni sabab ko‘rsatmay qaytarish mumkinmi?
Agar oddiy mahsulotlar haqida gap ketayotgan bo‘lsa — masalan, kiyim, poyabzal yoki idish-tovoq — unda sabab ko‘rsatishingiz shart emas. Faqatgina do‘konga borib, “men bu mahsulotni qaytarmoqchiman” deb aytsangiz kifoya.
Lekin murakkab
texnik mahsulotlarni — masalan, televizor, fen, kir yuvish mashinasi bilan bunday o‘tmaydi. Bunday mahsulotni qaytarish uchun u nosoz bo‘lishi kerak. Agar jihoz ishdan chiqsa yoki biror boshqa kamchiligi bo‘lsa — siz uni qaytarishingiz, almashtirishingiz yoki ta’mirdan o‘tkazishni talab qilishingiz mumkin.
Qachongacha qaytarish mumkin?
Agar mahsulot sizga yoqmagan bo‘lsa yoki mos tushmagan bo‘lsa, uni xarid qilingan kundan boshlab
10 kalendar kuni ichida qaytarishingiz mumkin. Chegirmadagi yoki aksiyadagi mahsulotlar ham bu
huquqdan mustasno emas. Agar mahsulot nosoz bo‘lib chiqqan bo‘lsa, unda uni butun kafolat muddati davomida qaytarish yoki almashtirish mumkin. Kafolat muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, sizda 6 oy vaqt bor.
Oziq-ovqat mahsulotlari sifatsiz bo‘lib chiqsa — masalan, sut achib qolgan bo‘lsa — uni 24 soat ichida qaytarish huquqingiz bor.
Mahsulotni qaytarish tartibi qanday?
Do‘konga borishdan oldin o‘sha mahsulotni, kassadagi chekni va agar karta bilan to‘lagan bo‘lsangiz — terminal chekini tayyorlab qo'ying. Qadoq yoki firma paketi shart emas, lekin mahsulot birkasi joyida bo‘lishi kerak.
Do‘konda sotuvchiga murojaat qilib, mahsulotni qaytarmoqchi ekaningizni ayting. Mahsulot qaytarilgach, pul qaysi usulda to‘langan bo‘lsa, shunga qarab qaytariladi — karta bilan to‘langan bo‘lsa, kartaga, naqd bo‘lsa, naqd.
Agar do‘kon rad etsa-chi?
Siz 1159 yoki 71-207-48-00 raqamlari orqali
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkin. Yoki
murojaat.gov.uz portali orqali shikoyat yuboring.
Ular do‘konga rasmiy bildirishnoma yuboradi va qonun doirasida muammoni hal qiladi. Aksariyat holatlarda iste’molchi tomoni g‘olib chiqadi — shunchaki huquqlaringizni biling va ulardan foydalaning.
nechpul — Oʻzbekistonda nima, qayerda va qancha turishini bilamiz. Obuna boʻling!