#taqriz
Iogann Volfgang Gyote — "G‘arbu Sharq devoni"
Gyote bilan tanishish menda unchalik ham qiyinchilik tug‘dirmadi. Chunki, oldinroq Robert Grinning "Mahorat"ini o‘qiganimda uning biografiyasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lib bo‘lgandim. Ushbu asar ham uning hayot yo‘li haqida so‘zlashdan boshlanadi. Gyotening biografiyasini o‘qir ekansiz, bu inson xohlagan ishini qilgan va unda eng zo‘rlaridan bo‘lgan ekan degan fikr albatta hayolingizdan o‘tadi. O‘zida adabiyotga nisbatan qiziqishi borligini sezgach, darhol u bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Bir necha yillar o‘tmay olmon adabiyotiga o‘zgacha ruh olib kirgan "Yosh Verterning iztiroblari" asari dunyo yuzini ko‘radi. U shunday mashhurlikka erishadiki, hatto yashashdan ma’no topa olmay qoladi. O‘lim yoqasidan qaytib keladi. So‘ng, garchi o‘ziga yoqmasa-da, o‘zini davlat arbobi sifatida sinab ko‘radi. Buning evaziga unga, ilm bilan shug‘ullanishga barcha sharoitlar yaratib berilishi va’da qilinadi. Shu sababli, u bunga rozi bo‘ladi. Sevgida ham o‘zini bir necha bor sinab ko‘radi. Aniqroq aytsam, sevadi, seviladi, kuyadi.
Gyotening shaxsiyatida yana bir e’tiborga molik jihati bu ilmni, ilm bilan shug‘ullanuvchilarni umuman olganda ilm ahlini sevishi va hurmat qilishi. U umrida davomida mana shunday insonlarga talpingan va atrofiga to‘plagan. Ular bilan hamsuhbat bo‘lgan va ularning fikrlari-yu tanqidlariga doimo ochiq bo‘lgan. Menimcha, uni buyuk olmon Gyotesi qilgan xislati ham shu edi.
Ushbu asarda bundan tashqari Gyotedan hikmatli so‘zlar keltirilgan. Bularni o‘qir ekansiz. Gyotening fikrlar zanjiri qanchalik mukammalligiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Gyote shunday qomusiy shaxs bo‘lganki, barcha mavzu haqida uning tugal fikri mavjud bo‘lgan. Eng hayratlanarlisi barcha fikr mulohazalari deyarli to‘g‘ri edi. Aks holda, uning fikrlari to hozirgacha yetib kelmagan bo‘lardi. Vaqt sinovidan o‘tdimi, demak bu haqiqat!
Professor Akmal Saidov so‘zlari bilan Gyote shaxsiyatiga berilgan tariflarni yakunlasam degandim: "Gyote Sa’diy kabi jahongashta, Jomiy kabi piri murshid, Navoiydek davlat arbobi va Hofizu Xayyom kabi devonavash qalb egasi bo‘lgan".
Endi asarning "go‘shtli" qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, ushbu asardagi barcha she’riy dostonlar siz-u biz bilgan, sharq daholarining asarlariga taqlid sifatida yozilgan. Aniqroq aytsam, Gyote ulardan ilhomlangan. Umuman olganda nafaqat Gyote, balki uyg‘onish davri va aynan shu davrdan keyingi barcha faylasuflar hamda yozuvchilar sharq adabiyotini o‘qishga, qiziqishgan, o‘rganishgan hamda ulardan ilhomlanishgan. Bularga Gyotening o‘zini, Nitsheni hamda bir nechta olmon yozuvchilarini misol qilib keltirsam bo‘ladi.
Bilmadim, Gyotening she’rlari haqida yana qanday fikr bildira olaman. Men uni o‘qiyotganimda keyinchalik bu haqida qanday fikr bildiraman deb o‘qimadim to‘g‘risi. O‘qidim. Uning she’rlarini shunchaki his qilib o‘qidim. Shu xolos. Sizlargayam tavsiyam shu. Hech qanday ortiqcha, mazmun va ma’no axtarmasdan, shunchaki o‘qing.
@doston_chustiy