Tahrirni qanday oʻrganish mumkin – eng muhim 8️⃣ tavsiya
Koʻpchilikni qiziqtiradigan, tez-tez soʻraladigan savolga qisqacha javob berishga harakat qilaman. Eng muhim jihatlarni sanab oʻtaman.
1️⃣ Tilga oid qoidalarni puxta oʻrganing
Grammatika, imlo va punktuatsiya – tahrirning poydevori. Oʻzbek tilining asosiy
imlo qoidalari va punktuatsiya qoidalarini sinchiklab oʻrganing. Tilga oid darslik va qoʻllanmalarni oʻqib chiqing. Soha mutaxassislarining sahifalarini kuzatib boring.
2️⃣ Uslub va janr xususiyatlarini oʻrganing
Rasmiy, ilmiy, badiiy, publitsistik yoki axboriy uslubdagi matnlar bir-biridan farq qiladi. Uslubiyatga oid kitoblar va maqolalarni oʻqing, ulardagi misollarni tahlil qiling.
3️⃣ Tanqidiy fikrlang
Kitob, maqola, blogpost, yangiliklar – turli janrlardagi matnlarni oʻqiganda gap tuzilishi, soʻzlarning qoʻllanishi, fikr qanday yetkazilayotgani, matn ohangi kabilarga eʼtibor qarating. Matnning sifatiga baho bering, yutuq va kamchiliklarini aniqlang.
4️⃣ Yozing va tahrir qiling
Yaxshi yoza olgan kishigina yaxshi
tahrir qila oladi. U xuddi futboldagi oʻynovchi murabbiyga oʻxshaydi. Har kuni qisqa matnlar, masalan, xatlar, postlar, maqolalar yoki hikoyachalar yozing. Ularni bir necha kundan keyin qayta koʻrib chiqing, xatolarini topish va tuzatishga harakat qiling.
5️⃣ Tahlil qiling va solishtiring
Agar topa olsangiz, professional muharrirlar tuzatgan matnlarni eʼtibor bilan oʻrganing: nima oʻzgargan, nima uchun oʻzgargan, qanday variantlar taklif qilingan? Bunday kuzatuv muharrir kabi fikrlashni rivojlantiradi.
6️⃣ Texnologiya imkoniyatlaridan unumli foydalaning
Shaxsiy tajribamga tayanib aytishim mumkin: hatto professional muharrir-musahhihlar orasida ham dastur va platformalarni samarali ishlata olmaydiganlar uchrab turadi. Microsoft Word, LibreOffice Writer, Google Docsning tahrir imkoniyatlarini oʻrganing,
Tahrirchi kabi onlayn vositalardan foydalaning. Elektron lugʻatlarni ishlating.
7️⃣ Ustoz koʻrganga yetmaydi
Tajribali muharrir bilan bevosita shugʻullanish imkoni boʻlsa,
nur ustiga nur. Mabodo imkoni boʻlmasa, fikr-tavsiya olishga harakat qiling. Turli loyihalarda koʻngilli sifatida qatnashing. Volontyorlikda pul topmasligingiz mumkin, lekin unda baʼzan pul bilan ham topib boʻlmaydigan hayotiy tajribani qoʻlga kiritasiz.
8️⃣ Irodali boʻling
Tahrir malakasi bir kunda shakllanmaydi. Muntazam oʻrganish va mashq qilish kerak. Har bir xatoni yangi saboq, har bir tahrirni yangi bosqich deb
hisoblang. Toʻxtab qolmang.
👉
Toʻliq oʻqish@oriftolib |
Boshqa sahifalarimiz