Doʻstlik va qardoshligimiz abadiy boʻlsin!
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo xalqlari yanada jipslashib, mintaqamiz tom maʼnoda doʻstlik, qardoshlik va hamkorlik makoniga aylanib bormoqda. Ushbu hamjihatlik davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasi boʻlib, mohiyatan yasharish va yangilanish ayyomi – Navroʻzi olamning ruhi va falsafasiga uygʻun va hamohangdir.
Shu kunlarda yana bir tarixiy voqea arafasida turibmiz. Ertaga Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtadi va uning doirasida xalqlarimiz vakillari Navroʻz bayramini birgalikda nishonlaydi.
Ushbu oʻziga xos doʻstlik va qardoshlik ayyomi munosabati bilan Xoʻjand shahriga tashrif buyurdik. Bu qadimiy shahar asrlar davomida Buyuk Ipak yoʻlidagi markazlardan biri boʻlib, mintaqamiz madaniy hayotida muhim oʻrin tutgan. Tojikistonlik hamkasblarimiz hamrohligida Xoʻjandning diqqatga sazovor maskanlariga tashrif buyurib, qoʻli gul hunarmandlar, ijodkorlar va mahalliy aholi vakillari bilan samimiy muloqot qildik. Madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan oʻzaro fikr almashdik.
Ishonchimiz komilki, bu galgi tadbirlar dillarni dillarga, ellarni ellarga yanada mustahkam bogʻlab, azaliy qardoshligimiz, mushtarak qadriyat va urf-odatlarimiz, ezgu intilishlarimiz ifodasi sifatida yoshlarimizga, kelgusi avlodlarimizga katta ibrat boʻladi. Mana shunday ezgu saʼy-harakatlarga munosib hissa qoʻshish biz uchun ulkan sharafdir.
Niyatimiz, mintaqamiz xalqlarining doʻstligi va qardoshligi abadiy boʻlsin!
🚀
Telegram / 📷
Instagram