QODIRIY
Yuz yillar naridan izlang nishona,
Kimlardir sho‘roga sotilgan edi.
To‘rtinchi oktyabr. Melodiy sana -
Abdulla Qodiriy otilgan edi.
Bu munglug‘ xotira singmay hayotga,
Yo‘l olmish eng qutlug‘ abadiyotga.
O‘q otgan edilar adabiyotga -
Abdulla Qodiriy otilgan edi.
Sodir bo‘lmagaydir hech narsa yo‘qdan,
Olov ham gurillar pinhoniy cho‘g‘dan -
Mehrobdan chayonlar uzatgan o‘qdan
Abdulla Qodiriy otilgan edi.
Topmadik xatoda biror tengingni,
O‘zgartirmading-a hecham o‘ngingni,
Yoniga borgil, deb, Otabegingni,
Abdulla Qodiriy otilgan edi.
Toshkan osmonida uchgan unlarim...
Ha, do‘stlar, shundandir qaro tunlarim!
Jimgina pichirlar O‘tkan kunlarim:
Abdulla Qodiriy otilgan edi.
(c) Xayrulla Hamidov
Surat muallifi: Aziza Mamatova, 1990.
🎨
ZakovArt